18 +  RSS  E-mail
12:11, 27 11 2019

Besh tashabbus toʻlaqonli amaliyotga tatbiq etilsa, oʻquvchi vaqtini ortiqcha narsalarga sarflamaydi


Bolada jinoyat va huquqbuzarlikka moyillik, axloqsizlik va taʼlim-tarbiyasidagi boʻshliqlar qachon paydo boʻladi?

Albatta, nazoratsiz qoldirilganda, ota-ona, taʼlim muassasasi va pedagogning eʼtiborsizligi oqibatida paydo boʻladi. Bugun ana shunday noxush holatlarning oldini olishga nechogʻlik eʼtibor qaratyapmiz? Oʻquvchi-yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil eta olyapmizmi?

Samarqand shahridagi 8-umumtaʼlim maktabida viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash, oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan “Umumtaʼlim maktablarida 5 ta tashabbus amalda” mavzusidagi viloyat seminarida ana shunday muhim savollar oʻrtaga tashlandi.

Unda ishtirok etgan tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari oʻrinbosarlari, maʼnaviyat shoʻʼbasi rahbarlari, maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va oʻquvchilar 8-umumtaʼlim maktabida namunali tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishdi. Shu bilan birga, muassasada Xalq taʼlimi vazirligi buyrugʻi bilan umumiy oʻrta taʼlim maktablari hovlisini, bino yoʻlaklari hamda sinfxonalarini stendlar bilan jihozlashning namunaviy talablariga eʼtibor qaratishdi.

— Har bir maktabda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusini toʻlaqonli tatbiq eta olsak, farzandlarimiz vaqtini ortiqcha narsalarga sarflamaydi, — dedi Ozod Jangirov. — Shu bois 5 tashabbus doirasida shunchaki tadbir oʻtkazib, koʻrgazma tashkil etib qoʻymaslik kerak. Uni amalda qoʻllab, oʻquvchilardagi iqtidorni, qiziqishlari doirasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash lozim. Negaki, barcha oʻquvchini bir paytning oʻzida kitobxon qila olmaymiz. Balki, u sport turlariga qiziqar yoki axborot texnologiyalari sohasida noyob iqtidori bordir?! Biri ashula aytishga, yana biri cholgʻu asbobini chalishni istar, boshqa sanʼat turlariga qiziqadiganlari ham talaygina. Muhimi, biz uni boʻsh qoʻymasligimiz, orzu-umidlarini amalga oshirishga koʻmaklashishimiz lozim.

Seminar umumtaʼlim maktablarining iqtidorli oʻquvchilari tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlari bilan yakunlandi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.