18 +  RSS  E-mail
13:54, 25 11 2019

Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasining yangi binosi — soha faoliyatining yangi bosqichiga yoʻl ochdi


Biz uchun chet ellik mehmonlar, sayyohlar, investorlar va turli delegatsiyalarning yurtimiz haqidagi tushunchasi katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda, xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydigan turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, qadim va hamisha navqiron shahrimizda Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasining tashkil etilganligi muhim qadam boʻldi. Zero, chet elga sayohatga otlanayotgan har qanday shaxs uchun uning xavfsizligi hayot-mamot masalasidir.

Oʻtgan davr mobaynida viloyatimizga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi 2018 yilda 1,5 milliondan oshgan va 2019 yilning 10 oyida avvalgi yilga qaraganda 2,5 baravarga koʻpaygan. Xodimlar tomonidan turistlar bilan bogʻliq jinoyatlarning oldi olinib, aniqlash yoʻnalishidagi (noqonuniy faoliyat yurituvchi mexmonxonalar va hk) 21 ta jinoyat fosh etildi.

Buxoro viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari ham tizimli ravishda bosqichma-bosqich moddiy-texnik jihatdan yetarli jihozlar bilan taʼminlanib, bugungi kunda sayyohlar uchun toʻlaqonli xizmat koʻrsatib kelmoqdalar.

Prezidentimizning shu yil 6 martdagi “Transport va turizm obʼektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Termiz, Toshkent shahri hamda viloyatida ham mazkur xizmat tashkil etildi. Qarorga muvofiq Buxoro viloyat hokimligi tomonidan sohaga 1 ta “Tracker”, 2 ta “Gentra” rusumli yengil avtomashinalar, 5 ta “skuter” va 5 ta zamonaviy mototsikl (“Kavasaki”) Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi ixtiyoriga berildi. Shaxsiy tarkib uchun zamonaviy rusumdagi 8 ta yengil avtomobil, 2 ta “ISUZU” avtobusi biriktirilgan, xodimlar toʻliq aloqa vositasi (ratsiya) va planshetlar bilan taʼminlanib, tunu-kun xizmat tashkil etilgan.

Viloyat IIB tasarrufidagi Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi  yangi binosining ochilishi tantanaga aylandi. Unda viloyat mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, shaxsiy tarkib zobit va serjantlari, qolaversa ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev yurtimizda har sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar roʻyobi, jumladan tarixiy shahrimizda sayyohlikni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xususan, shahrimiz mehmonlariga namunali xizmat koʻrsatish, tizimda huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashishda mazkur boshqarmaning oʻrni va zimmasidagi vazifalarga alohida toʻxtaldi.

Viloyat hokimi Buxoro shahrining UNESCO xalqaro tashkiloti roʻyxatiga olingani haqidagi hujjat nusxasini Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga topshirdi.

Shundan soʻng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shuhrat Aliyev boshqarma binosini zamonaviy koʻrinishda mutlaqo yangicha qiyofada mukammal taʼmirlash va jihozlashda, oʻziga xos yevropacha usulda dizaynini shakllantirishda hissa qoʻshgan quruvchi-muhandislar, dizayner va hunarmandlarga  oʻz minnatdorligini izhor etdi.

Alvon lenta kesilib, mehmonlar boshqarma binosida yaratilgan shart-sharoit, ishchan muhit bilan yaqindan tanishdilar.

Ochigʻi, tadbirda yigʻilganlar mazkur ikki qavatli inshootning ichki ishlar idorasi emas, koʻproq milliylik va zamonaviylik ufurib turgan muzeyga yoki elchixona binosiga qiyosladilar. Aniqrogʻi, ostonasidan “Buyuk Ipak yoʻli” turkumiga kirgan tarixiy shaharlar xaritasi, miniatyura asarlari, qadim Buxoroning diqqatga sazovor obidalari dekoratsiyalari bilan boshlangan inshootda qabulxona, turli xorijiy davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish zali, yigʻinlar xonasi, qoʻyingki, har bir xizmat kabineti noodatiy va kishi hayratini oshiradigan darajada arnamentlar bilan boyitilgan. Albatta, bu yerga biror ehtiyoj bilan tashrif buyurgan sayyoh oʻzini qulay muhitda his qilishi tayin.

Binoning ochilish marosimida xorijiy sayyohlik kompaniyalari, turistlar va ekspertlar, mehmonxonalar maʼmuriyatlari ham ishtirok etdilar. Bir soʻz bilan aytganda, yangi bino Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.