18 +  RSS  E-mail
13:48, 22 11 2019

Mahalliy kengashlarga saylovlarning oʻziga xos xususiyatlari


Mamlakatimizda Parlament va mahalliy Kengashlar sayloviga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Qonun talablariga soʻzsiz va qatʼiy rioya etilayotgani, shubhasiz, boʻlajak saylovni demokratiya printsiplari asosida ochiq va oshkora oʻtkazishni taʼminlaydi.

Bevosita mahalliy Kengashlarga saylovlarni oʻziga xos xususiyatlariga oʻtishdan avval qayd etish joizki, soʻnggi uch yil ichida 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari, ayniqsa mahalliy Kengashlarni rolini oshirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

2017 yil 14 sentyabrda va 2019 yil 8 yanvarda qabul qilingan qonunlarga asosan mahalliy Kengashlar ijroiya hokimiyati boʻlimlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini, shu jumladan qonunlarga rioya etilishi, tegishli xalq deputatlari Kengashlari qarorlarining va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish, tegishli prokurorlarning hisobotlarini eshitish, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish, tegishincha sogʻliqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, tuman markaziy koʻp tarmoqli poliklinikalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish, tegishincha hududiy adliya boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlari boshliqlarining axborotini eshitish vakolatlariga ega boʻldilar.

2018 yil 23 iyulda qabul qilingan Qonunga asosan mahalliy Kengashlar bir yilda kamida bir marta oʻz majlisida viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining tegishli sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sud yoʻli bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitish vakolatiga ega boʻldilar.

2018 yil 18 aprelda qabul qilingan Qonun bilan joylardagi partiya guruhlarining huquqlari ham kengaytirildi. Endilikda ular hududlarni rivojlantirish dasturlarining loyihalarini takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini koʻrib chiqish haqida takliflar kiritish, tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish huquqlariga ega boʻldilar.

Bundan tashqari 2017 yil 7 iyundagi PF-5075-son Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2017 yil 13 dekabrdagi PF-5283-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarning toʻliqligini taʼminlash boʻyicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda 2017 yil 7 iyundagi PQ-3042-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Shu maʼnoda bu yilgi saylovlar bundan avvalgi saylovda saylangan mahalliy Kengashlar vakolatlaridan farq qiladi.

Avvalambor shuni qayd etish joizki, mahalliy Kengashlarga saylovlarga ham saylovni umumiyligi, tengligi, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali oʻtkazilishi, ochiq va oshkora amalga oshirilishi xosdir.

Shu bilan birgalikda mahalliy Kengashlarga boʻladigan saylovning bir qator oʻziga xos xususiyatlari boʻlib, ulardan biri bu — Saylov kodeksi talabiga koʻra, mamlakatimizda saylov kuni yigirma bir yoshga toʻlgan fuqarolar tuman, shahar va viloyat Kengashlari deputatligiga saylanish huquqiga ega. Yaʼni Qonunchilik palatasiga saylovdan farqli oʻlaroq, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga qoʻyilgan minimal yosh pastroq hisoblanadi.

Ikkinchi muhim xususiyat — mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarda Qonunchilik palatasiga saylovda taqdim etiladigan imzo varaqalari talab etilmasligi.

Uchinchi muhim xususiyati — xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun – oltmishtadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun — oʻttiztadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi tuzilishida namoyon boʻladi.

Saylov kodeksida belgilangan normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.

Toʻrtinchi muhim xususiyati – mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanishida namoyon boʻladi.

Beshinchi muhim xususiyati shundaki, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli hisoblanadi.

Oltinchi muhim xususiyati — mahalliy Kengashlarga saylovda sud’yalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan boʻshash toʻgʻrisida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinadi.

Yettinchi muhim xususiyati – Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuzilishida namoyon boʻladi.

Taʼkidlash joizki, avvalgi saylovlarda tuman Kengashlariga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham nomzodlar koʻrsatishi mumkin edi. Endi bu huquq faqat siyosiy partiyalarga berildi.

Saylov kodeksi talabiga koʻra, siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod sifatida faqat bitta saylov okrugidan bitta nomzodni koʻrsatishlari mumkin.

Xulosa qilib aytganda, mahalliy Kengashlarga saylovlar oʻtkazish haqida soʻz borganda, avvalambor, tuman, shahar va viloyat Kengashlari deputatlari bevosita aholiga yaqin ekanini taʼkidlash lozim. Yaʼni ular xalq orasida yurib, tegishli hududda saylovchilar bilan yonma-yon yashab va birga ishlab, shu orqali aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishda muhim oʻrin tutadi.

Qolaversa, tuman va shaharlar, mahalla va qishloqlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni kamaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasini oshirishda mahalliy Kengashlar deputatlarning ahamiyati Parlament deputatlaridan aslo kam emas.

A.ERNAZAROV,

Toshkent viloyati maʼmuriy sudining sud’yasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.