18 +  RSS  E-mail
13:08, 21 11 2019

Tanqiddan toʻgʻri xulosalar chiqariladi


Joriy yilning 16 noyabr kuni “Buxoro” telekanali orqali namoyish etilgan “Kelajakka imkoniyat” koʻrsatuvida Buxoro shahridagi 72-, 78- hamda 87-maktabgacha taʼlim muassasalarining taʼlim-tarbiya jarayoni,  kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi va binolarning taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligi tanqid ostiga olingan. Videolavhalarda keltirilgan holatlar viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, maxsus ishchi guruhi tomonidan mavjud vaziyat oʻrganib chiqildi.

Oʻrganishlar jarayonida Buxoro shahridagi 87-MTM binosi chindan ham taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligi aniqlandi. Mazkur bino 1991 yilda barpo etilgan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida kapital taʼmirlanmagan. Ayni paytda muassasaning ishlatilmay turgan xonalari va taʼmirga muhtoj ayrim qismlari  imkon darajasida taʼmirlanmoqda. Inshoot 2022 yilga moʻljallangan davlat dasturiga kiritilgan boʻlib, bu boradagi barcha muammmolar toʻla bartaraf etiladi.

1973 yilda qurilgan 78-MTMda ham qurilish-taʼmirlash ishlari bilan bogʻliq kamchiliklar mavjud. Muassasi binosi kuz-qish mavsumiga toʻla tayyor emas. Ayni paytda bu yerda joriy taʼmir rejasiga muvofiq, qurilish ishlari olib borilmoqda. Umuman, muassasaning 286 kv.m tom qismini taʼmirlash, 575 pogonametr issiqlik tizimi trubalarini almashtirish rejalashtirilgan.

Buxoro shahridagi 72-MTM binosi esa nihoyatda taʼmirga muhtoj. 1924 yilda harbiy gospital binosi sifatida qurilgan mazkur bino 1950 yilda maktabgacha taʼlim muassasasiga moslashtirilgan boʻlib, shundan beri faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bino 2014 yilda joriy taʼmirlangan, biroq eskiligi bois devorlari nuramoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida muassasa binosini 2020 yil Investitsiya davlat dasturiga kiritish orqali qayta bunyod etish taklifi berilgan.

Oʻrganishlar olib borilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining barcha tarbiyachilariga “Ilk qadam” davlat dasturi mazmun-mohiyati, unda belgilangan davlat talablari xususida batafsil tushunchalar berildi, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar bartaraf etildi.

Shuningdek, bolalarni ovqatlantirishda mahsulotlar sifatiga va sanitariya gigiyena qoidalariga rioya etilishini taʼminlash nazorat ostiga olindi.

Oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan qaragan tashkilot mudiralari va masʼul xodimlarga nisbatan ogohlantirish berildi.

Buxoro viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.