18 +  RSS  E-mail
10:55, 14 11 2019

Viloyat hokimi Olot tumani Balandmachit qishlogʻi aholisi huzurida boʻldi


Joylarda shahar-tumanlar hokimlari, quyi boʻgʻin rahbarlarining aholi bilan bevosita muloqotga kirishayotgani, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, duch kelinayotgan muammolarini hal qilish ustuvor vazifaga aylandi. Zero, bu saʼy-harakatlar yurtdoshlarimizning davlat hukumatiga, ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashi bilan ahamiyatli. Xususan, aholining kuz-qishga tayyorgarligini yaxshilash, joylarda kommunal xizmatlar, ayniqsa, tabiiy gaz va elektr energiyasi taʼminotini barqaror izga solish, bu jarayonga bevosita daxldor idoralar masʼuliyatini oshirishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Qolaversa, mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi.

Bunda xalqimizning jamiyatda kechayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga bevosita daxldorligini his etgani holda mahalliy kengashlarga hamda Oliy majlis Qonunchilik palatasiga deputat saylashda har tomonlama munosib nomzodlarni tanlash va ularga ovoz berish dolzarb vazifa. Davlat va jamiyat taraqqiyoti ana shu jihatga bogʻliq ekanini ortiqcha izohlashga hojat yoʻq.

Shu nuqtai nazardan, viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev Olot tumanining Balandmachit qishlogʻida boʻldi.

Balandmachit — nafaqat viloyatimiz, balki respublikamizning janubiy chegara maskani hisoblangan Olot tumanining chekka qishloqlaridan biri. Tuman markazidan 20 kilometrdan ortiq masofada joylashgan bu qishloqda ayni kunda 538 ta oila, qariyb 2 ming aholi istiqomat qilmoqda. Asosan qishloq xoʻjaligi va chorvachilik bilan shugʻullanuvchi hududda ellikka yaqin ijtimoiy muhofazaga muhtoj xonadon bor. Viloyat hokimining qabuli doirasida chekka qishloq aholisi uchun chuqurlashtirilgan bepul tibbiy koʻrik hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Shu yerning oʻzida xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi.

Qishki mavsum uchun arzon va sifatli koʻmir gʻamlab qoʻyish imkoniyati yaratildi.

Mutolaaga qiziquvchan aholi toifasi, yoshlar uchun kitoblar koʻrgazmasi uyushtirilgani koʻplarga manzur boʻldi.

Tor doiradagi mutaxassis vrachlar jalb qilingan tibbiy koʻrikda birlamchi tashxisdan soʻng davolanishga muhtoj deb topilgan fuqarolar zarur yoʻllanma va tavsiyalar oldilar.

Uchrashuvda balandmachitliklar viloyat hokimiga oʻz muammolari bilan yuzlandilar. Chunonchi, ishsizlik masalasi, taʼmirga muhtoj yoʻl, toza ichimlik suvi taʼminoti, yana qishloq oilaviy poliklinikasi va maktabgacha taʼlim muassasasini mukammal taʼmirdan chiqarish kabi oʻtkir masalalar koʻtarildi. Avvalo viloyat hokimi tashrifi tufayli bir necha yildan buyon yozda changi koʻkka oʻrlab, qishda loy-balchiq boʻlib yotgan oʻnqir-choʻnqir yoʻlga shagʻal bostirilib, risoladagidek koʻrinishga keltirilgani odamlar koʻngliga iliqlik olib kirdi.

Viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev qishloq aholisining qariyb 90 nafar jajji oʻgʻil-qizini oʻz bagʻriga olgan 7-son maktabgacha taʼlim muassasasini, shuningdek, “Balandmachit” qishloq vrachlik punktini borib koʻrdi.

Ularda yaratilgan shart-sharoit, bolajonlar va bemorlarga koʻrsatilayotgan xizmat sifati, qolaversa, qishga tayyorgarlik masalalari bilan qiziqdi. Albatta, bu borada har uchchala manzilda toʻplanib qolgan muammolarni qisqa mudddatda hal qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. MTMni qayta taʼmirlash va obodonlashtirish maqsadiga 200 million soʻm mablagʻ ajratiladigan, qolaversa, tibbiyot muassasasini mukammal taʼmirlash masalasi esa kelgusi yil davlat dasturiga kiritiladigan boʻldi.

Viloyat mutasaddilari hududdagi 6-son oʻrta umumtaʼlim maktabida boʻlishib, bu yerda oʻgʻil-qizlar taʼlimi uchun yaratilgan shart-sharoit, dargoh moddiy-texnik bazasi bilan tanishdilar. Zarur darsliklar va badiiy adabiyotlarni koʻpaytirish, komp’yuter va axborot texnologiyalariga boʻlgan ehtiyojni qondirish yuzasidan mutasaddilarga zarur koʻrsatma va tavsiya berildi. Shuningdek, mazkur taʼlim dargohida joylashgan 279-saylov uchastkasining katta siyosiy jarayonga tayyorgarligiga alohida baho berildi. Aholining siyosiy bilimi va huquqlarini, xuddi shunday, munosiblarga ovoz berishda har bir fuqaro masʼulligini oshirish zarurligi uqtirildi.

Tashrif davomida viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev tugʻma yurak nuqsoni bilan xastalangan Inomjon Boboyevni borib koʻrdi. Oilani moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Umuman, chekka qishloqda tashkil etilgan uchrashuv har jihatdan samarali kechdi desak, mubolagʻa emas.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.