18 +  RSS  E-mail
10:56, 14 11 2019

Qarzdorlarning Oʻzbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashga istisnolar kiritildi


“Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga koʻra, ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashni taʼminlash yuzasidan Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Unga koʻra, qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash ijro hujjati qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra, ijro etilmaganda qoʻllaniladi.

Quyidagi hollarda qarzdorning chetga chiqishi cheklanmaydi:

— qarz miqdori BHMning 5 baravaridan (1115000 soʻmdan) oshmasa (avval bu miqdor 446000 ni tashkil etgan), aliment yoki boshqa davriy toʻlovlarni undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bundan mustasno;

— sud qarorini ijro etish uchun yetarli mol-mulk olib qoʻyilgan boʻlsa;

— qarzdor yuridik shaxs boʻlganda.

Qarzdorning chetga chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida undiruvchi (uning vakili) ariza bilan MIBga murojaat etishi mumkin.

Arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qaror chiqariladi yoki ariza rad etiladi.

Cheklov qoʻyilganligi va olib tashlanganligi haqidagi maʼlumot idoralararo hamkorlik tizimi orqali ichki ishlar organlari va Chegara qoʻshinlariga yuboriladi.

Qarzdorning chetga chiqishi vaqtincha cheklanganligi yoki olib tashlanganligi haqida unga yozma (elektron pochta) va telefon (mobil aloqa) orqali SMS yuboriladi.

Quyidagi hollarda cheklov toʻxtatib turiladi va qarzdorning chetga chiqishiga ruxsat beriladi:

— Oʻzbekistondan tashqarida kasalxonaga yotqizishni talab qiladigan hollarda;

— Oʻzbekistondan chiqib ketuvchi delegatsiya tarkibiga kiritilganda.

Chegara hududlarda chetga chiqishi vaqtincha cheklangan qarzdor aniqlanganda unga bu haqda toʻliq maʼlumot beriladi va www.mib.uz sayti orqali maʼlumot olishi mumkinligi tushuntiriladi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.