18 +  RSS  E-mail
10:53, 14 11 2019

Joriy yil yosh tadbirkorlar 9 mingta yangi ish oʻrinlari yaratdi


“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yosh tadbirkorlar” II Respublika forumi doirasida «Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi va “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda xorijlik tajribali tadbirkorlar, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining ijrochi direktori Bunyodbek Bahrombekov va OAV xodimlari ishtirok etib, yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Tadbirkorlik sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilgan islohotlarda “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va mahalliy hokimliklarning koʻmagi alohida eʼtirof etildi. “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida joriy yil davomida yoshlarning 1 ming 991 ta biznes loyihalariga jami 458,3 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali 9 mingta yangi ish oʻrni yaratilgani maʼlum qilindi.

“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Bunyodbek Bahrombekovning taʼkidlashicha, Respublika boʻylab 10 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi hamda 54 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilib foydalanishga topshirilishi orqali jami 573 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Mazkur 51 ta savdo doʻkoni, 49 ta tikuv tsexi, 43 ta ayollar va erkaklar saloni, 26 ta novvoyxona va qandolat tsexi, 29 ta avtoservis, 16 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 14 ta hunarmandchilik ustaxonasi, 10 ta oʻquv markazi, 6 tadan “Book cafe”, kitob doʻkoni, telefon tuzatish ustaxonasi, kompyuter xizmati, foto studiya va dorixonalar tashkil etilgan.

Davlat dasturi doirasida yoshlarning umumiy qiymati 15,3 mlrd. soʻmlik loyihalariga Jamgʻarma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga koʻmaklashildi. Shuningdek, Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlarning 750 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlari chet elga eksport qilindi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda respublikaning barcha hududlarida tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlarning bilimlarini oshirish maqsadida tuman (shahar)lar kesimida “Tadbirkorlik sirlari”, “Biznes reja tuzish”, “Tadbirkorlik subʼektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish”, “Kredit va soliq siyosati” kabi mavzularda 1,5 mingdan ortiq biznes seminarlar tashkil etilib, 50 ming nafarga yaqin yoshlarning malakalari oshirildi.

Tuman (shahar)larda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan 41 ming nafardan ortiq yoshlarni tadbirkorlik loyihalari bilan tanishtirish maqsadida hududlardagi yirik ishlab chiqarish korxonalariga 1 ming 228 marotaba biznes sayohatlari tashkil etildi. Mazkur biznes sayohatlar natijasida 1 ming 559 nafar yoshlarning bandligi taʼminlanishiga erishildi.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.