18 +  RSS  E-mail
11:39, 12 11 2019

Saylov va ommaviy axborot vositalari


Soʻz va axborot erkinligi, oʻz fikrini erkin bildirish, axborot olish huquqi eng asosiy va xalqaro tan olingan inson huquqlaridan va demokratik jamiyatning asosiy elementlaridan bi¬ri hisoblanadi. Erkin va demokratik jamiyatda mazkur huquqni taʼminlash mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarini taqozo qiladi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish alohida koʻrsatib oʻtildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq oxirgi uch yilni oladigan boʻlsak, mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik, soʻz va matbuot, fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanganini barchamiz oʻz kundalik turmushimizda yaqqol sezmoqdamiz. Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida keskin jonlanish boʻldi, ularda sogʻlom tanqidiy ruh kuchayib, yurtdoshlarimiz oʻz fikrlarini ochiq-oshkora, dadil aytayotganligi alohida eʼtiborga loyiq.

Ayniqsa jamiyatimiz hayotida demokratik printsiplarni mustahkamlashda, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari nihoyatda muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligini tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, ommaviy axborot vositalarisaylov jarayonida axborot berish, xabardor qilish (saylov kampaniyasi ham OAV orqali eʼlon qilinishi saylovni oʻtkazishning muhim shartidir); jamoatchilik nazorati sifatida kuzatish, saylovoldi tashviqot

va saylovga oid huquqiy targʻibot vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Saylov kampaniyasidagi barcha muhim voqea va yangiliklarni fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali biladilar. Agar oʻtgan 2016 yilgi saylovlardan misol keltiradigan boʻlsak, saylovni 615 ta milliy va 272 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan 315 ta xorijiy va milliy Internet nashrlari yoritib borgan. Mamlakatimiz va chet elning 1 400 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bagʻishlangan 180 ta matbuot anjumani va onlayn brifinglar oʻtkazilgan. 22 700 dan ziyod maqola va axborot materiallari eʼlon qilingan, koʻrsatuv hamda eshittirishlar efirga uzatilgan.

Saylov kodeksining 36-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. 57-moddaga asosan muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti ham saylovchilarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Saylov kodeksining 54, 58-moddalariga asosan uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish boshlanganligini ham, tugaganligini ham ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida eʼlon qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga koʻra Markaziy saylov komissiyasining qarori ham uning rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda eʼlon qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 11 sentyabrdagi qarori bilan Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi va uning mintaqaviy boʻlinmalari tashkil etildi. Markaziy saylov komissiyasi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonini yoritish boʻyicha ikki tomonlama shartnomalar imzoladi.

Xoʻsh, fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlanishida ommaviy axborot vositalarining roli qanday? Fuqarolar saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini, saylov komissiyalarining ishini, ularning qarorlarini, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor boʻladilar, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar, nomzodlar toʻgʻrisidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali bilib oladilar.

Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar oʻz saylov huquqlarini qay tarzda amalga oshirish, saylovda qatnashayotgan turli siyosiy partiyalar va nomzodlarning asosiy saylovoldi siyosiy pozitsiyalari va jamiyatdagi turli masalalarga qarashlaridan xabardor boʻlish hamda ayni vaqtda bunga oʻz fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonidagi yana bir muhim ishtiroki ularning saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish huquqi bilan bogʻliq. Saylov kodeksining 8, 35-moddalariga asosan ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chogʻida hozir boʻlish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan oʻtkazadi. Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida oʻn besh kun qolgunga qadar MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida murojaat qilishlari mumkin.

Saylov jarayonining barcha tadbirlari ommaviy axborot vositalari nigohida boʻlishi saylovlarimizni ochiq va oshkora, erkin va adolatli oʻtkazilishiga, jamoatchilik nazoratini taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Yana bir masala. Siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalari bilan saylov jarayonidagi munosabatlari nimalarda koʻrinadi? Bunda ommaviy axborot vositalarining saylov kampaniyasidagi eng muhim roli saylovoldi tashviqot bosqichida namoyon boʻladi. Saylovoldi tashviqoti – bu saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri boʻlib, bir oydan ortiq vaqt davom etadi, yaʼni saylovga 35 kun qolganida boshlanadi va bir kun qolganda toʻxtatiladi. Saylov kodeksining 45-46-moddalariga asosan tashviqot matbuot konferentsiyalari, interv’yular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar shakllarida ham olib borilishi mumkin. Tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet orqali ham amalga oshiriladi.

Bunda adolatni taʼminlashning eng muhim sharti barcha partiyalar, nomzodlar uchun tenglikni kafolatlash hisoblanadi. Qayd etish joizki, dunyoning ayrim davlatlarida saylovoldi tashviqotda avvalgi saylovlarda parlamentda olgan oʻrinlariga proportsional ravishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni taqsimlash tajribasi ham mavjud. Mamlakatimiz saylov qonunchiligida esa barchaga avvalgi saylovda egallagan oʻrnidan qatʼi nazar teng imkoniyat beriladi. Shuning uchun Saylov kodeksiga koʻra tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga koʻra bir xil boʻlgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoitlar taʼminlanadi. Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq toʻlash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil boʻlishi kerak.

Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, interv’yu, chiqishlar, saylovchilar yigʻilishlari, nomzod toʻgʻrisida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.

Milliy saylov qonunchiligimizning mazkur qoidalari saylovga oid xalqaro standartlarga toʻliq mos keladi. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashining insoniylik mezoni boʻyicha konferentsiyasi Kopengagen hujjati 7-moddasida davlatlar ommaviy axborot vositalaridan moneliksiz foydalana olish uchun saylov jarayonida ishtirok etishni xohlovchi barcha siyosiy guruhlar va alohida shaxslarga kamsitmaslik asosida qandaydir yuridik yoki maʼmuriy toʻsiqlar oʻrnatilmasligini taʼminlashlari kerakligi belgilangan.

2002 yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy printsiplarning 2.3-bandiga muvofiq, barcha partiya va nomzodlarga teng imkoniyatlar kafolatlangan boʻlishi kerak, bu esa davlat hokimiyati organlaridan ommaviy axborot vositalarida, xususan davlatga tegishli ommaviy axborot vositalarida partiya va nomzodlarni yoritishga xolis munosabatda boʻlishni nazarda tutadi.

Saylovga oid huquqiy targʻibot vositasi sifatida ommaviy axborot vositalari aholining saylov qonunchiligiga oid bilimini oshirishga qaratilgan maqolalar, tok-shoular, ijtimoiy roliklar, koʻrsatuvlar va eshittirishlar tashkil qiladilar.

Ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan hamma foydalana oladigan telekommunikatsiya tarmoqlarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarni yoritish jarayonining monitoringini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Yuqoridagilarni barchasi shuni koʻrsatmoqdaki, saylov jarayonining barcha bosqichlari ochiq va oshkora, ommaviy axborot vositalari ishtirokida, barcha partiyalar va nomzodlar uchun teng va adolatli oʻtkazilishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratilgan.

Saylov jarayonida ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi fuqarolarning soʻz va axborot erkinligini, oʻz fikrini erkin bildirish, axborot olish huquqlarini taʼminlashga, saylov qonunchiligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga, pirovardida esa chinakam demokratik fuqarolik jamiyati barpo etishga xizmat qiladi.

Miravzal MIRAKULOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.