18 +  RSS  E-mail
8:50, 08 11 2019

Navbatdagi “Investorlar kuni”da qariyb 300 milliard soʻmlik 16 ta loyiha koʻrib chiqildi


Shodop Shopur — Afgʻoniston Respublikasi fuqarosi, tadbirkor, investor. U mamlakatimizda tadbirkorlik subʼektlari va xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan eʼtibor va imtiyozlardan yaxshi xabardor. Shu boisdan oʻtkazilgan navbatdagi “Investorlar kuni” munosabati bilan Shodop Shopur viloyat  hokimi Oʻktam Barnoyevga Jondor tumanida amalga oshirmoqchi boʻlgan yirik biznes loyihasini taqdim etdi.

Afgʻon sarmoyadori asos solayotgan “ATU Buxara” qoʻshma korxonasi aholi uchun xoʻjalik mollari — turli oʻlcham va koʻrinishdagi poʻlat qozonlar,

elektrokabellar va avtomashinalar uchun metall disklar ishlab chiqarish tashabbusini ilgari surgan.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 1 million AQSh dollari boʻlib, sarmoya toʻlaligicha afgʻonistonlik investor tomonidan qoplanadi. Korxona mahsulot ishlab chiqarishni boshlasa, uning xorijga amalga oshiradigan yillik mahsulot ayirboshlash hajmi 400 ming AQSh dollaridan oshishi kutilmoqda. Asosiysi, ichki va tashqi bozordan munosib oʻrin egallashni koʻzlayotgan tadbirkorlar birinchi bosqichda 20 kishini doimiy ish bilan taʼminlaydi.

Biznes loyihasi taqdimotida Shodop Shopur viloyatimizga 750 ming AQSh dollariga baholangan maxsus texnologiyani olib kirishda bojxona qonunchiligida belgilangan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish uchun amaliy yordam soʻradi va mutasaddilardan ijobiy javob oldi.

Shu kungacha tijorat ishlari bilan shugʻullanib, yaxshi natijalarga erishib kelayotgan Feruz Zaripov oʻzi istiqomat qilayotgan Buxoro tumani Chortoq qishogʻida 60 oʻrinli zamonaviy mehmonxona hamda 200 oʻrinli shinam restoran qurib, foydalanishga topshirish taraddudida. Buning uchun u oʻzi ishlab chiqqan loyihaga 2 milliard soʻm shaxsiy, kelishuvga erishgan aktsionerlik tijorat “Qishloqqurilishbanki”ning 2,5 milliard soʻm miqdoridagi kredit mablagʻini tikishga qaror qilgan. Kelgusi yil sentyabridan xizmat koʻrsatishni boshlashi mumkin boʻlgan loyiha tufayli tadbirkor tomoni 30 kishini muqim ish bilan taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi.

Umuman, haftaning har chorshanbasi viloyat hokimligida “Investorlar kuni” munosabati bilan oʻtkazilayotgan taqdimotlar tufayli oʻz biznes rejalarini amalga oshirmoqchi boʻlgan tadbirkorlik subʼektlari soni ortib borayotgani quvonarli, albatta.

Viloyat mutasaddilari, shahar va tumanlar hokimlarining sohaga tegishli oʻrinbosarlari, viloyatimizdagi qator ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari rahbarlari ishtirokida 16 ta umumiy qiymati qariyb 300 milliard soʻmlik istiqbolli loyiha koʻrib chiqildi. Eʼtiborlisi, yaqin bir yil ichida amalga oshirilishi kutilayotgan biznes rejalari tufayli joylarda 700 dan ortiq kishini ish bilan band etish imkoni yaratiladi.

Taqdimot jarayonida har bir loyiha bilan yaqindan tanishgan viloyat hokimi mutasaddilarga tashabbuskor tadbirkorlar ogʻirini yengil qilish, tijorat banklari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi loyihalarni amaliyotga joriy etish tufayli joylarda hudud infratuzilmasini tubdan yangilash, ishsizlik muammosini bartaraf etish bilan bogʻliq qator tavsiya va koʻrsatmalarini berdi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati   


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.