18 +  RSS  E-mail
8:54, 08 11 2019

Besh tashabbus ijrosi: Kattaqoʻrgʻonda raqamli texnologiyalar markazi ochildi


Ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus asosida Samarqand viloyatida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon shahrida aholi va yoshlar oʻrtasida kompьyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etildi.

Bugun oʻtkazilgan mazkur markazning ochilish marosimida vazirlik boʻlimi boshligʻi F.Aripjonov, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi M.Hoshimov ishtirok etdi.

— Kattaqoʻrgʻon shahrida bugun 26 ming nafardan ortiq yoshlar istiqomat qilmoqda, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi N.Eshnazarov. — Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ijrosi doirasida bu yoshlarning 5 ming nafardan ortigʻini axborot texnologiyalari va  raqamli texnologiyalar boʻyicha oʻqitish hamda malakasini oshirish koʻzda tutilgan. Ushbu markaz ayni shu maqsadda tashkil etildi.

Dastlabki bir yil davomida markazda 1800 nafardan ortiq kattaqoʻrgʻonlik yoshlarning robototexnika, dasturiy taʼminot va raqamli texnologiyalar boʻyicha bilim va koʻnikmalari oshiriladi. Keyingi yillarda bu koʻrsatkich yana ham oshib boradi. Eʼtiborlisi, markazda yoshlar bepul oʻqitiladi va ular bu yerda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.