18 +  RSS  E-mail
11:20, 07 11 2019

Qonun hujjatlari ijrosini monitoring qilish tizimi joriy qilindi


“Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ-4505-son, 02.11.2019 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tizimi joriy qilindi.

Monitoringning asosiy vazifalari qonun hujjatlari ijrosining yagona amaliyotini joriy etish, ularning Oʻzbekiston qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlash, qonun hujjatlaridagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish kabilardan iborat.

Qarorga koʻra, monitoring Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring oʻtkazish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan qonun hujjatlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoring oʻtkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Shu munosabat bilan vazirlikka davlat boshqaruvi organlari oʻtkazadigan huquqiy monitoringda ishtirok etish va huquqiy monitoringni oʻtkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish kabi huquqlar berildi.

Qaror bilan, shuningdek, Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

Huquqiy monitoringni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.

Batafsil tanishish uchun veb-havola: http://www.lex.uz/pdfs/4577546

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.