18 +  RSS  E-mail
11:17, 07 11 2019

“Maroqand obod” DUK 80 ta yangi texnikalar bilan taʼminlandi


“Koʻk saroy” maydonida “MAROQAND OBOD” DUK tomonidan Samarqand shahridagi mahallalardan qattiq va maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish maqsadida xarid qilingan yangi texnikalar taqdimoti oʻtkazildi.

Taqdimotda korxona tomonidan xarid qilingan HOWO va DONGFENG rusumli maxsus chiqindi tashuvchi avtotransportlar rasman foydalanishga yoʻnaltirildi. Endilikda shahrimiz aholisiga xizmat koʻrsatuvchi maxsus avtotransport vositalari 80 taga, yaʼni, 40 dona 7 kubli, 30 dona 13 kubli va 10 dona 4 kubliga koʻpaydi. Yil boshida korxona tomonidan 10 dona ISUZU rusumli maxsus avtotransportlar xarid qilinganligi haqida axborot berilgan edi.

2018 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada 130 nafar ishchi-xodim faoliyat olib borgan boʻlsa, bugungi kunda ishchi-xodimlar soni 262 nafarga yetgan. Shunga mos ravishda mehnatga haq toʻlash ham 2018 yilda 600-900 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ishchi-xodimlarning oylik ish haqlari 1,5 million soʻmdan 4 million soʻmgacha yetgan.

Bugungi kunda korxona tomonidan Samarqand shahar hududidagi 400 dan ziyod eski tipdagi konteynerlarni zamonaviy 4 gʻildirakli konteynerlarga almashtirish, ushbu konteynerlarni tashki omillardan himoya qilish maqsadida kichik uychalarga joylashtirish, turistik hududlarda yer osti qutilarini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

“CLEAN CITY” elektron bazasi asosida faoliyat olib borayotgan mazkur korxona tomonidan hozirgi kungacha 210 ta mahalladan kuniga 1 marotabadan chiqindi olib ketilar edi. Endilikda yangi xarid qilingan texnikalar Samarqand shahridagi barcha mahallalardan kuniga 2 marotaba chiqindilarni olib chiqish imkonini beradi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.