18 +  RSS  E-mail
11:22, 07 11 2019

Latifsobungardan oʻgʻirlangan 43 bosh qoʻy oʻgʻrisi Samarqandda ushlandi


Oddiy nina emaski, har biri naq boʻrdoqiga boqib semirtirilgan 43 bosh qoʻy bir kechada dom-daraksiz gumdon qilinsa?! 2019 yil 31 oktyabrga oʻtar kechasi sodir qilingan bu favqulodda voqea nafaqat “Latifsobungar” mahalla fuqarolar yigʻini yoxud Vobkent tumani, balki viloyatga shov-shuv boʻldi desak, mubolagʻa emas. Sababi oʻgʻrilarni “issiq izi”dan izlab topish, qoʻylarni tashishda foydalanilgan ulov, jinoyat quroli sifatida yuk avtomashinasini surishtirish kabi dastlabki harakatlar qoʻshni tumanlarni ham qamrab oldi. Jabrdiydaga aylangan latifsobungarlik fuqaro U.H. tomonidan “Husenov Abdurahim Jabborovich” nomli bogʻdorchilik fermer xoʻjaligidan umumiy bahosi 41 million soʻmlikdan ziyod chorva mollari oʻgʻirlab ketilgani haqida tuman Ichki ishlar boʻlimiga tashvish xabari kelib tushgan palladan tezkor qidiruv guruhi ishga tushgandi. Zudlik bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida nihoyat, “kalavaning uchi” topildi. Qizigʻi shundaki, jinoyatni sodir etgan shaxs Samarqand viloyati, Nurobod tumanida yashovchi, 1985 yilda tugʻilgan, yakka tartibda ishlovchi M.U. boʻlib chiqdi.

Xoʻsh, M.U.ni uzoq yoʻl bosib, kelib, koʻzlagan gʻaraz maqsadini aynan Vobkentda amalga oshirishiga nima majbur qildi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu savolga dastlabki tergov, qolaversa, sud muhokamasi oydinlik kiritishi aniq. Hozirda M.U.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qism “b va g” bandlariga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.