18 +  RSS  E-mail
11:02, 07 11 2019

Bogʻchalarda qoʻshimcha pullik xizmat


2019 yilning yanvaridan boshlab mamlakatimizdagi barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari qoʻshimcha ravishda pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari koʻrsatish huquqiga ega boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “2018-2019 yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi”ga asosan endilikda davlat bolalar bogʻchalarida dam olish kunlari va MTMda ish kuni yakunlangandan keyin (yaʼni shanba kunlari) bolani parvarishlash, unga qarab turish, uni oʻqitish, shuningdek, dasturdan tashqari sport-sogʻlomlashtirish, badiiy-estetik va fan toʻgaraklari faoliyatini tashkil etish mumkin.

Bunday xizmatlar koʻrsatiladigan guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar ota-onalarining arizasiga koʻra qabul qilinadi. Koʻrsatilishi rejalashtirilayotgan pullik xizmatlar turlari hamda ularning qiymatini bolalar bogʻchasi oʻzining kuzatuv kengashi yigʻilishida muhokama qilgan holda belgilaydi. Mazkur xizmatlardan tushgan mablagʻlarning asosiy qismi maktabgacha taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadi.

— Ota-onalarning talab va istaklari asosida joriy yilning may oyidan boshlab muassasamizda sogʻlomlashtiruvchi gimnastika toʻgaragi tashkil etildi, — deydi Buxoro shahridagi 16-maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi Iroda Rustamova. — Kuzatuv kengashi qarori bilan toʻgarak toʻlovi har bir bola uchun 24 ming soʻm etib belgilandi. Ayni paytda 4 ta guruhga 85 nafar bola qamrab olingan boʻlib, ularga Buxoro davlat universiteti jismoniy madaniyat fakul’teti 4-bosqich talabasi — Mahliyo Muhammadova yoʻriqchilik qilyapti. Mashgʻulotlar haftada ikki marta olib boriladi. Toʻgarak xizmatidan tushgan foyda evaziga sport anjomlari sotib olishni va ishga tushishi rejalashtirilayotgan qoʻshimcha ingliz, rus tili toʻgaraklariga moʻljallangan oʻquv xonasini taʼmirlashni nazarda tutganmiz.

Olot tumanidagi “Qaldirgʻoch” nomli 1-maktabgacha taʼlim muassasasida ham joriy oʻquv yilidan rus tili va gimnastika toʻgaraklari ish boshladi. Nazira Achilova hamda Sabina Shovaliyevalar rahbarlik qilayotgan mazkur toʻgaraklar aʼzolari soni 65 nafarni tashkil etmoqda.

— Qoʻshimcha pullik xizmatlarning joriy etilganligi ota-onalar va tarbiyalanuvchilar uchun qator qulayliklar, imkoniyatlar yaratibgina qolmay, muassasalarimizning moddiy-texnik bazasini boyitish, baʼzi kemtikliklarni toʻldirishda ham muhim omil boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz, — deydi muassasa mudirasi Lutfiya Ostonova. — Tushgan foydani muassasamiz kutubxonasi uchun sarflashni rejalashtiryapmiz. 350 nusxa kitob fondiga ega boʻlgan bu moʻʼjaz ziyo maskanining javonlari yangidan-yangi qiziqarli adabiyotlar bilan toʻldirilsa, bolajonlarimiz qalbida kitobga, adabiyotga, mutolaaga ishtiyoq yanada ortgan boʻlardi.

Ayni paytda viloyatdagi 124 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 151 qoʻshimcha pullik taʼlim-tarbiya guruhlari tashkil etilgan boʻlib, ularga 3088 nafar bolalar qamrab olingan. Mazkur guruhlar faoliyatidan tushgan jami tushum 158,7 million soʻmni tashkil etib, uning 75,6 million soʻmi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida oʻz ixtiyorida qoldirildi.

Iroda ORIPOVA


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.