18 +  RSS  E-mail
12:48, 05 11 2019

Paxtakor tumanidagi «Zarista tekstil» MChJ aholini ish bilan taʼminlamoqda


Paxtakor tumanida faoliyat yuritayotgan «Zarista tekstil» masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan 7 ming dona qop ishlab chiqarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tumandagi Toshkent, Doʻstlik, Oltinkoʻl, Gʻalaba mahallalarida “Ilgʻor hudud” loyihasi doirasida aholining turmush tarzini yaxshilash, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash borasida manzilli roʻyxat shakllantirildi.

Shunga koʻra 230 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga qayta oʻqitildi. Xozirda  “Oltinkul” mahalla fuqarolar yiginining 1 massivida tashkil etilgan tikuvchilik tsexida 65 nafar xotin-qizlar oʻz ish oʻrinlariga ega boʻlishdi.

Dastlabki ish kunidan boshlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozorda oʻz oʻrniga ega boʻla boshladi. Mijozlar soni xam ortdi. Bu esa ish koʻlamini yanada oshirmoqda. Jumladan, tadbirkorlarga boʻsh yotgan binolarni nol qiymatida olish, investitsiya kiritish ular uchun ayni muddao boʻldi.

— Yurtboshimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan ushbu tikuvchilik tsexi hududning barcha ayollarini juda quvontirdi, — deydi  tuman hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilbar Shonazarova. — Qisqa muddatda bu yerda zamonaviy tipdagi ishlab chiqarish obʼekti barpo etdik. Bir nechta operatsiyalarni bajaradigan zamonaviy tikuv dastgohlari oʻrnatildi. Ikki smenada ishni yanada kengaytirish imkoni tugʻildi. Yaqin kunlarda korxonada ishlash istagida boʻlgan xotin-qizlar safini 300 nafarga yetkazish niyatidamiz. Hozirda korxonamiz aʼzolari dehqonlarimizga koʻmak berish maqsadida etak tikib berayapti.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Laziz MAMATQULOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.