18 +  RSS  E-mail
12:46, 05 11 2019

Muqobil va tejamkor energiya manbalari savdo yarmarkasi


Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filialida energiya samaradorligini oshirish va muqobil energiya manbalari taqdimotiga bagʻishlangan savdo yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Innovatsion ishlanmalar va minitexnologiyalar namoyishi respublika Energetika, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari, Elektr energetikada nazorat inspektsiyasi hamkorligida tashkil qilindi. Unda Buxoro va Navoiy viloyatlarida mavzuga oid innovatsion texnologik ishlanmalari bilan shugʻullanayotgan ilmiy tadqiqotchilar, tashkilotchi idoralar mutasaddilari, savdo va xizmat koʻrsatish bilan mashgʻul tadbirkorlik subʼektlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.   

Tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarni Respublikamiz Prezidentining shu yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining sanoat korxonalarini energiya samaradorligini oshirish loyihasi bilan tanishtirishdan iborat edi. Yosh iqtidor egalarining oʻz ustozlari bilan birgalikda yaratgan ilmiy ishlanmalari namoyishi qatorida “Vesta”, “All solar”, “Grouparty”, “Industrival” kabi savdo brendlari mahsulotlari ham yigʻilganlar qiziqishiga sabab boʻldi. Yarmarka doirasida institut filialining axborot-resurs markazida tashkil etilgan davra suhbatida yigʻilganlarga atroflicha maʼlumot berildi. Unda tadbirkorlar, energiya tejovchi minitexnologiyalarga xaridor boʻlganlar oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldilar. 

— Taʼkidlash kerak, savdo yarmarkasining oʻziga xos xususiyati, energosamarador va qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, respublikaning energiya nisbatan koʻp talab qilinadigan yirik tarmoqlarida qoʻllanilayotgan innovatsion yangilanishlar, yutuqlarni namoyish etish imkonini beradi, — deydi filial direktori Nusrat Murodov.

— Qolaversa, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida energosamaradorlikka erishish, energiya sarfini kamaytirish, muqobil quvvat manbalaridan keng foydalanish har jihatdan afzal va manfaatlidir.

Tadbirda energiya resurslaridan foydalanuvchilarga zarur maʼlumotlar berildi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.