18 +  RSS  E-mail
12:53, 31 10 2019

Buxorodagi qadimiy Magʻoki koʻrpa masjidi nimasi bilan ajralib turadi?


Qadimiy Buxoro shahridagi Magʻoki koʻrpa masjidi salkam 400 yillik tarixga ega.Oʻziga xos meʼmoriy yechimi bilan eʼtiborni tortadigan bu tarixiy yodgorlikning qismati ogʻir kechdi.

Xususan, shoʻro tuzumi davrida u bepisandlik, xoʻjasizlik, oʻziboʻlarchilik qurboniga aylandi. Qarovsiz qoldirildi. Hatto maʼlum bir muddat kartoshka saqlanadigan omborga ham aylantirildi.

Mabodo, Magʻoki koʻrpaga zabon bitganida edi undan tutday toʻkilib borgani toʻgʻrisidagi achchiq va alamli hikoyani eshitgan boʻlardik. Xayriyatki, u kunlar ortda qoldi. Hukumatimizning, viloyat hokimligining saʼy-harakati bilan bu noyob obidaning umriga umr qoʻshiladigan damlar keldi.

— Biz ushbu tarixiy yodgorlikni amaldagi tartib-qoidalar asosida maʼlum bir shartlar bilan besh yil muddatga ijaraga oldik, — deydi Turkiya-Oʻzbekiston hamkorligi natijasida yuzaga kelgan “Buxoro nays karpet” (“Buxoroning chiroyli gilamlari”) masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Maydunxoʻjayev. — Ishni tabiiyki, bu yodgorlikni taʼmirlashdan boshladik. Turkiyalik hamkorimiz Mustafo Chalish Gan ushbu loyihaga 320 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdi. Sarmoyaning bir qismi restavratsiya ishlariga yoʻnaltirildi.Uning 150 ming dollari esa zarur asbob-uskuna, xom ashyo xaridiga sarflanadi. Biz bu yerda 100 ga yaqin ish oʻrni yaratib, ipak va jundan gilam toʻqishni yoʻlga qoʻymoqchimiz.

— Magʻoki koʻrpa masjidiga ishlangan bezaklar nozikligi, geometrik jihatdan aniq yechimga egaligi bilan ajralib turadi,-deydi restavrator Zokir Qodirov. — Bu yerda ganchkorlik sanʼatining ajoyib namunalarini koʻrish mumkin. Afsuski, qarovsizlik va zilzila oqibatida ularga ziyon yetgan. Biz saqlanib qolgan naqshlarga tayangan holda ularni asl holiga keltirishga harakat qildik. Magʻoki (chuqur maʼnosini beradi) koʻrpaning boshqa qadimiy masjidlardan farqlanib turadigan yana bir jihati bor. U ikki qavatli qilib qurilgan. Bunaqasi bilishimcha, Oʻzbekistonda, jumladan Buxoroda uchramaydi. Uning birinchi qavati nisbatan chuqurlikda joylashgan. Balandligi olti metr. Qishning ayozli kunlarida namozxonlar namozni shu yerda oʻqishgan. Chunki qishda havo harorati bu yerda moʻʼtadil boʻlgan. Shu dalilning oʻzi ham ajdodlarimizning zukkoligini, katta ishga qoʻl urmoqdan avval yetti oʻlchab, bir kesishganini koʻrsatadi.

Darvoqe, shu yodgorlik joylashgan Mehtar Anbar koʻchasida istiqomat qiluvchi keksalar bilan ham suhbatlashdik. Ular qarovsizlikdan nurab qolgan qadimiy yodgorlikning taʼmirlangani ayni muddao boʻlganini aytib, takror-takror duoga qoʻl ochishdi. Gap shundaki, Islom hamkorlik tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (ISESCO) tomonidan 2020 yilda Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan hukumat hamda viloyat hokimining tegishli farmoyishlari qabul qilingan. Ishchi guruhi tuzilgan. Guruh tomonidan madaniy meros obʼektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Yakunda 303 ta obʼektning roʻyxati tasdiqlanib, ularni taʼmirlash yuzasidan hukumatga takliflar kiritildi. Bu esa Magʻoki koʻrpaga oʻxshagan yana koʻplab tarixiy obidalarning taʼmirlanib, umriga umr qoʻshilajagidan darak beradi.

Istam IBROHIMOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.