18 +  RSS  E-mail
11:03, 29 10 2019

Jizzaxda balandligi 100 metrlik meteorologik minoralar oʻrnatildi


“Oʻzbekgidroenergo” AJ tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Forish hamda Gʻallaorol tumanlarida havo harorati hamda shamol oqimini oʻlchashga moʻljallangan, loyihaviy balandligi 100 metrlik meteorologik minoralar oʻrnatildi.

Ushbu meteorologik minoralari modulli turdagi “uchburchak fermlar” shaklida loyihalashtirilgan. Bunda har bir modulning uzunligi 3 metrni tashkil etadi. Bu oʻz navbatida, ularni oʻrnatishga qulay hamda tuzilmasining balandligini asta-sekin oshirib turishga imkon beradi.

Har bir meteorologik minora tayanch temir-beton bilan mustahkamlangan sharsimon poydevorga oʻrnatilgan boʻlib, sakkiz pogʻonali simli tizim koʻrinishidagi tik holatidadir. Kabelga oʻrnatilgan tizim temir langar orqali temir-beton poydevorga mustahkamlanadi.

Minoralarda, shuningdek, ob-havo, shamolning meteorologik parametrlarini avtomatik ravishda oʻlchash uchun quyidagi qurilmalar oʻrnatilgan:

— Anemometrlar (shamol tezligini oʻlchaydigan asbob-uskuna) — 5 dona. Anemometrlar 90 m, 80 m, 50 m, 30 m, 10 m balandlikdagi maxsus masofali mustahkam kronshteynlarga oʻrnatildi;

— Flyugerlar (shamol yoʻnalishini oʻlchaydigan asbob-uskuna) — 2 dona. Flyugerlar 100 m, 10 m balandlikda oʻrnatildi;

— Harorat oʻlchagich (minora oʻrnatiladigan hududdagi havo haroratini oʻlchovchi asbob-uskuna — 1 dona. Oʻrnatish balandligi — 10 m;

— Bosim oʻlchagich (barometr) — 1 dona;

— Kompyuter maʼlumotlarini saqlash bloki-1 dona. Oʻrnatish balandligi 10 m.

Taʼkidlash joizki, meteorologik maʼlumotlarni oʻlchash davomiyligi 10 daqiqalik interval bilan avtomatik ravishda amalga oshiriladi va ushbu davr uchun shamolning maksimal va minimal pasayishini hisoblab chiqishga, shuningdek, shamol oqimining yoʻnalishi bilan bogʻliq holda oʻrtacha tezlik koʻrsatkichlarini olishga imkon beradi. Bu esa, keyinchalik ushbu hududda shamol koʻtarilishini yaratishga imkon beradi hamda kelajakdagi shamol generatorlarining quvvat uskunalari tanlovini malakali tarzda asoslashga zamin yaratadi.

Shu bilan birga, bosim va atrof-muhit haroratini oʻlchash ularni kelajakda shamol turbinalari tomonidan elektr energiyasini yakuniy ishlab chiqarishga taʼsir qiluvchi omillardan biri boʻlgan sharoitda havo zichligini aniqlashga imkon beradi.

Meteorologik minoralarning yana bir samarali jihati shundaki, olingan meteorologik maʼlumotlarning yozuvi har bir minora ustiga oʻrnatilgan maxsus komp’yuter blokida avtomatik ravishda amalga oshiriladi, ularni qayta ishlash va tahlil qilish uchun loyihalash tashkilotiga masofadan uzatish imkoniyati mavjud. Shuningdek, qurilma bilan toʻgʻridan-toʻgʻri minoralar oʻrnatilgan joylarda qoʻlda ishlash ham koʻzda tutilgan.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.