18 +  RSS  E-mail
13:47, 25 10 2019

Shveytsariyada tahsil olgan buxorolik tabibni bilasizmi?


Tehrondagi Tibbiyot kolleji va Shveytsariyadagi Bern universitetining tibbiyot fakul’tetida tahsil olgan, 1902-1909 yillarda Yevropa va Sharq mamlakatlariga uch marta sayohat qilgan buxorolik Siroj Hakim haqida tarix darsliklarida biror maʼlumot uchratish qiyin. U 1909 yilda Buxoroda Yevropacha usuldagi shifoxona ochib, uni xorijdan keltirilgan tibbiy uskunalar bilan jihozlagani ham tarix kitoblarining bir chetida qolib ketmoqda. Shu sababli, mazkur maqolada Siroj Hakim va uning faoliyati haqida soʻz yuritmoqchimiz.

TOʻRT TIL BOʻYIChA TAHSIL

Siroj Hakim nomi bilan tanilgan sayyoh 1877 yilning 23 oktyabrida Buxoro amirligining poytaxti — Buxoro shahrida tavallud topdi. Uning toʻliq ismi — Mirzo Sirojiddin Hakim Buxoriy ibn Hoji Mirzo Abdurauf edi. Otasi buxorolik savdogar va sarrof (pul almashtiruvchi, yirik pullarni mayda qiluvchi) edi. Siroj besh yoshidan ona shahri Buxoroda tahsil olishni boshladi. Oʻqish davomida diniy va dunyoviy ilmlarni oʻzlashtirdi, fors tilini mukammal darajada egalladi.

Uning otasi Hoji Mirzo Abdurauf ikki yil davomida oʻgʻli uchun fors tilidan alohida oʻqituvchi yolladi. Yosh Siroj oʻqituvchi bilan tilga oid bilimlarini takomillashtirdi, fors yozuvini oʻrgandi, axloqshunoslik, madaniyat va tarixga oid forscha kitoblarni mutolaa qildi. Ayni vaqtda arab tilini ham oʻrganishga bel bogʻladi hamda uni ham mukammal darajada oʻzlashtirdi.

Bir qancha vaqtdan soʻng Hoji Mirzo Abdurauf oʻgʻlini oʻz ishiga jalb qildi va unga kasbining sir-asrorlarini oʻrgata boshladi. Otasi Sirojni sarroflik doʻkonlaridan biriga joylab qoʻydi. Bu vaqtda Siroj ish bilan band boʻlib oʻqishni tashlab qoʻymadi, balki otasi tomonidan yollangan alohida oʻqituvchi koʻmagida rus tilini oʻrgana boshladi. Olti oylik taʼlimdan soʻng u rus tilini oʻzlashtirdi hamda kirill alifbosida binoyidek oʻqish va yozishni oʻrganib oldi.

Bundan keyin, olti oydan biroz oshiq muddatda shaxsiy oʻqituvchi bilan frantsuz tilini egallashga kirishdi. Ayni davrda u oʻz xususiy ishini ham boshladi hamda paxta oldi-sotdisi bilan shugʻullandi. U Yevropa, Rossiya, Usmoniylar, Eron va boshqa mamlakatlar shaharlari hamda ulardagi gʻaroyibotlar haqida soʻzlab beruvchi savdogarlar, sayohatchilar bilan suhbat qurishni xush koʻrardi. Siroj bu mamlakatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrish ishtiyoqida edi.

IKKI QITʼA BOʻYLAB DASTLABKI SAYoHAT

Siroj 1902 yil, 25 yoshida Yevropa boʻylab sayohat qilish uchun otasining roziligini oldi. U ona shahri Buxorodan 1902 yil 5 iyunda yoʻlga chiqib, Kaspiy (Xazar) dengizi orqali Kavkazga, u yerdan Usmoniylar imperiyasiga keldi. Usmoniylar davlatida kemaga oʻtirib, Qora dengiz orqali Bolgariyagacha yetdi, uning poytaxti — Sofiyada sayru sayohat qildi.

Soʻngra Serbiya qirolligiga otlandi, turklar tomonidan “Qutlugʻ urush shahri” deb atalgan Belgradni tomosha qildi, shahardan chiqib shimolga — Avstriya-Vengriya imperiyasidagi Budapeshtga ham keldi. Venani koʻrdi, Germaniya imperiyasining poytaxti — Berlin shahrini kezdi. Germaniyadan Frantsiya Respublikasiga otlangan Siroj Hakim Parij shahrini ham chetlab oʻtmadi. Sayohatda davom etib, La-Mansh boʻgʻozi orqali Britaniya imperiyasiga keldi, Londonni aylandi. London sayohatidan soʻng ortga qaytdi.

Yoʻl-yoʻlakay Pol’sha qirolligi poytaxti — Varshavani kelib koʻrdi. Moskvani aylanib, 1903 yil yanvarida Buxoroga qaytib keldi. Oʻzi yozganidak, dastlabki sayohati uning dunyoqarashini tubdan oʻzgartiribgina qolmay, unda chuqur taassurotlar ham qoldirdi.

TEHRONDAGI TIBBIY TAʼLIM

Qaytganidan bir oy oʻtib, oʻzining ikkinchi sayohatiga otlandi. Bu safar janub va janubi-gʻarbga tomon yoʻl oldi. 1903 yil fevralda Buxoroni tark etdi. Yoʻlda Oʻrta Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan biri — Marvga keldi, biroz vaqtdan soʻng oʻsha davrda Qojarlar sulolasi hukmronlik qilayotgan Eronga qarashli Xurosonni aylandi. Shialarning “muqaddas” shahri — Mashhad, Umar Xayyom va Fariduddin Attor yashagan — Nishopur, Firdavsiyning Vatani — Tus shaharlarini borib koʻrdi, Nishopurda yetti oy turdi. Keyin 1851 yilda asos solingan Tehron Tibbiyot kolleji (u 1986 yildan boshlab Tehron Tibbiyot universiteti nomini olgan)ga oʻqishga kirdi.

Tehron kollejidagi oʻqish nihoyasiga yetgach, ayni shu dargohda dars berdi, shuningdek, Tehron shifoxonalaridan birida shifokorlik qildi. Ayni shu vaqtda u ancha tanildi, shifokor va keng dunyoqarashga ega sayohatchi sifatida nom qozondi.

U Eronda “doktor Mirxon” nomi bilan el ogʻziga tushdi. U haqda Afgʻonistonning oʻsha vaqtdagi amiri Habibulloxon (1901–1919 yillarda hukmronlik qilgan) ham xabar topdi. Siroj Hakim Afgʻonistonda “doktor Sobir” nomi bilan shuhrat qozondi. U anʼanaviy tibbiyotdan koʻra Yevropa tibbiyotini afzal koʻrardi.

Buxorodagi yevropacha shifoxona

Siroj Hakim oradan ikki yil oʻtib, 1905 yilning iyunida Buxoro qaytdi. Ortga qaytishda Hirot, Bomiyon, Mozori Sharif, Balxda boʻldi, Amudaryodan suzib oʻtib Termizga keldi. Undan Nasaf orqali Buxoroga yetib keldi.

Buxoroga qaytganidan bir oy oʻtib, savdogarlar va afgʻon amiri Habibulloxonning yaqin kishilari oʻrtasida yuzaga kelgan mojaroga aralashib qoldi. Oʻsh vaqtlarda Buxoro va Afgʻoniston amirliklari ittifoqchi edilar va mazkur mojaro amirliklar munosabatini yomonlashtirishi mumkin edi. Natijada Sirojiddin taʼqib ostiga olindi. U Buxoro amirligini tark etib, oʻzining soʻnggi – uchinchi sayohatini boshladi.

Sirojiddin Hakim Yevropaga yoʻl oldi. Oʻzining tibbiyot sohasidagi bilimlarini yanada oshirish maqsadida Shveytsariya poytaxtida 1834 yili asos solingan Bern universitetining tibbiyot fakul’tetiga oʻqishga kirdi. 1909 yilda Buxoroga butunlay qaytdi va oʻzining xususiy shifoxonasini ochdi. Bu shifoxonadagi oʻz davrining zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari Yevropadan olib kelingan edi.

Qisqa vaqt ichida uning shifoxonasi buxoroliklar ichida juda mashhur boʻlib ketdi. Undan shifo topish maqsadida Buxoro hududidan tashqaridagi bemorlar ham kelardi. Oʻqimishli va maʼrifatli boʻlgani uchun uning Buxoroga kelishi yoshlarga sezilarli darajada kuch berdi.

TAʼLIM TIZIMINI TAQQOSLAB

Tarixchi Feruza Bobojonovaning “Buxoro amirligida taʼlim tizimi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)” nomli nomzodlik dissertatsiyasida qayd etilishicha, Mirzo Siroj Hakim xorij safaridan qaytganidan boshlab jadidchilik harakatida faol qatnasha boshladi.

Mirzo Siroj chet ellarda boʻlganida u yerdagi taʼlim tizimini, xususan, maktab taʼlimini juda yaxshi oʻrgandi. Buxorodagi anʼanaviy taʼlim bilan uni taqqosladi. Jumladan, buni oʻz safarnomasida quyidagicha qayd etgan: “Evropada maktab va madrasalarni koʻrib yodimga oʻzimizdagi maktab va madrasalar keldi, esladimu yuragim gʻam va afsusga toʻldi. Nega bizni millatimiz ilmni shuncha xor qilib, uni tark etadi… Eron ulamolari ilmga va sanʼatga gʻayratli, ishtiyoqli boʻlib, hamma shaharlarida maktablar ochgan. Tehronda jadid anʼanaviy maktablari, dorulmuallimin, dorulfunun, siyosiy madrasa, harbiy madrasa, tibbiy madrasa mavjud. Muallimlari Farangiston (Frantsiya, Yevropa)da taʼlim olishgan”.

Taʼlimdagi tanazzulni oʻzga tizim bilan taqqoslay bilgan Siroj Hakim anʼanaviy maktablarni, yevropacha taʼlim-tarbiyani buxoroliklar uchun qanchalik ahamiyatli va zaruriy ekanligini tushuntirishda, targʻib etishda jonbozlik koʻrsatdi.

SAHOVATPEShA MAʼRIFATPARVAR

Koʻp yillik sayohatlari natijasida yaratgan “Tuhfai ahli Buxoro” (“Buxoro ahliga tuhfa”) asarida Usmonli turk sultonlari, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, madaniy hayotni tasvirladi. Jumladan, ushbu asarda Turkiya bilan boʻlgan savdo ishlarida qatnashgan buxorolik va qoʻqonlik bir qancha savdogarlarni eslab oʻtgan. U oʻzining koʻp turk savdogarlari bilan yaqin munosabatda boʻlganini yozgan. Asarda, shuningdek, Buxorodagi madaniy hayot va madrasalar xususida ham soʻz boradi.

Siroj Hakim oʻzbek va tojik tillarida gʻazal, qasida, muxammas va ruboiylar yozdi. Uning 200 yuzdan ortiq sheʼrlari bitilgan 2 ta toʻplami va “Tuhfai ahli Buxoro” asarining qoʻlyozmasi Toshkentdagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. U oʻzbek tilidan tashqari, fors, arab, frantsuz, nemis va rus tillarini ham mukammal bilardi.

Siroj Hakim dastlab “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan jadidlarning “Yosh buxoroliklar” partiyasi dastlabki tashkilotchilaridan biri edi. U Buxoro jadidlari tomonidan Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahrida 1912 yil 14 iyuldan 1913 yil 2 yanvargacha oʻzbek tilida chiqarilgan “Turon” gazetasini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turdi.

Maʼrifatparvar olim va shoir, tabib, sayyoh Siroj Hakim 1914 yil 17 yanvarda — 36 yoshida Buxoro shahrida sil kasalidan vafot etdi.

Alisher EGAMBERDIEV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.