18 +  RSS  E-mail
13:45, 25 10 2019

“Obod qishloq” dasturi xalq roziligi yoʻlida xizmat qilmoqda


Islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgani uchun hayotimizda har kuni qandaydir bir muhim oʻzgarish, yangilik boʻlayapti.

Buni koʻpchilik oʻz turmushida ham yaqqol his qilmoqda. Prezidentimizning “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bunday oʻzgarishlar jadallashuviga, aksariyat sohalarni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklarning qishloqlarimizda amalga oshirilishiga, eng chekka qishloqlar ham barcha infratuzilma yaratilgan goʻshalarga aylanib borishiga zamin yaratmoqda.

Joriy yilda viloyatimizning har bir tumani va shahrida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti ogʻir hududlarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlashga, mazkur hududlar qiyofasini zamonaviylashtirish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda dastur doirasida joriy yil uchun belgilangan bunyodkorlik ishlari birin-ketin yakunlanib, foydalanishga topshirilmoqda.

Urgut tumanining Sariqtepa mahalla fuqarolar yigʻinida “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar nihoyasiga yetkazilib, yangi qurib bitkazilgan, mukammal taʼmirlangan obʼektlarni foydalanishga topshirish maqsadida tashkil etilgan tadbir fikrimizning yaqqol isbotidir.

Mazkur tadbirda tuman hokimligi, sektor hamda tuman korona va tashkilotlari rahbarlari, Nuroniy otaxon va onaxonlar, shuningdek Sariqtepa mahalla fuqarolar yigʻini faollari ishtirok etishdi. Tadbirda dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, foydalanishga topshirildi.

Dastur doirasida Sariqtepa mahalla fuqarolar yigʻinida 770 ta xonadondan 597 tasi taʼmirlandi. 3,9 km. yoʻllarga asfal’t qoplamasi yotqizilib, 7,2 km. ichki xoʻjalik yoʻllari taʼmirlandi. 1,8 km. piyodalar yoʻlakchalari tashkil etildi. 2 km. irrigatsiya tarmoqlari tortildi. Mahallani yanada koʻkalamzorlashtirish maqsadida katta maydonda daraxt va gullar ekildi. Mahallada elektr taʼminotini yaxshilash hamda tungi yoritish ishlarini amalga oshirish maqsadida 1 ta yangi transformator oʻrnatilib, 3 ta tranformatorlar taʼmirlandi, 40 dona tungi yoritish ustunlari, 125 dona elektr tayanch ustunlari oʻrnatilib, 5 km. ustunlarga yangi elektr tarmoqlari tortildi, 7,4 km. mavjud elektr tarmoqlari taʼmirlandi. Toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida 3 km. yangi ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 1 dona suv inshooti qurilib, suv chiqarildi. Aholi 293 ta suyultirilgan gaz balloni bilan taʼminlandi.

Shuningdek, mahalladagi 48-sonli maktab, 35-maktabgacha taʼlim muassasasi taʼmirlanib, oʻquvchi-yoshlar sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Sariqtepa qishloq vrachlik punkti binosi rekonstruktsiya qilindi.

Dastur doirasida olib borilayotgan ishlardan ruhlangan tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan mahallada savdo majmuasi, sartaroshxona, etikdoʻzlik, tikuvchilik tsexlari hamda avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish ustaxonalari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Dastur doirasida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlar avvalo xalqimiz ruhiyatini koʻtarishga, xalq roziligi yoʻlida xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.