18 +  RSS  E-mail
13:07, 24 10 2019

Qamish oʻgʻriligi uchun ham javobgarlik bor


“A-380” avtomagistralining Qorovulbozor-Kogon yoʻlida noqonuniy ravishda qamish oʻsimligi tashib ketilayotgani holati aniqlandi.

Shu oʻrinda vohamiz iqlimiga juda moslashib ketgan, yovvoyi holda oʻsib koʻpayadigan qamishni oʻrib olib, tashish ham qonunbuzarlikka kiradimi, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta. Amaldagi qonunchiligimizda yurtimiz tabiati bio xilma-xilligini saqlashda saksovul, yulgʻun va boshqa choʻl oʻsimliklari qatorida qamishning ham katta ahamiyati borligi eʼtirof etilgani holda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasida alohida javobgarlik nazarda tutilgan. Zero, viloyatimizning choʻllashgan tabiatidan kelib chiqib, sahroda qum koʻchishlariga nisbatan ixotalangan hududni barpo etish, tirik organizmlarga yashashi uchun shart-sharoit tugʻdirishda qamishzorlarning oʻz oʻrni bor. 

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassis va inspektorlari tomonidan shu yil 18 oktyabr kuni tungi paytda oʻtkazilgan ekologik reyd tadbiri davomida “A-380” avtomagistralining Kogon-Qorovulbozor yoʻlida harakatlanib ketayotgan “GAZ-53” rusumli avtotransport vositasi noqonuniy ravishda qamish oʻsimligini tashib ketayotgan vaqtida toʻxtatildi.

Ekologik surishtiruv chogʻida qonunbuzarlar avtomashina bortiga yuklangan  qamish oʻsimligini “Xadicha” koʻliga tutash zovur boʻyidan oʻrib olganliklarini tan olishdi. Taʼkidlash kerakki, xuddi shu manzilda soʻnggi bir haftada ikki  marotaba saksovul tashib ketilayotgani bilan bogʻliq holatlar qayd qilingandi. Bu esa sodir etilgan uchinchi qonunbuzarlikdir.

Holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi. Qonunbuzarlikning asosiy vositasi sifatida qayd qilingan yuk transporti esa vaqtincha Kogon tumani jarima maydonchasiga qoʻyildi. 

Buxoro viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.