18 +  RSS  E-mail
13:16, 24 10 2019

Goʻyoki “yonib ketgan” yirik miqdordagi sigaretlar operatsiyasi fosh etildi


Shu yilning yozida Jizzax viloyatining M-39 avtomagistrali orqali harakatlangan yoʻlovchilar ushbu hududda yonib ketgan “DAF” rusumli yuk avtomashinasiga koʻzi tushgani haqida aytishgandi.

Maʼlum boʻlishicha, 2019 yil 7 iyul kuni U.A. imli shaxs boshqaruvida boʻlgan mazkur “DAF” rusumli avtoulov tirkamasiga yuklangan, qiymati 121 ming AQSh dollarlik 550 ming quti chet elda ishlab chiqarilgan sigaret mahsulotlari bilan Qirgʻiziston Respublikasiga tranzit oʻtkazish uchun Buxoro viloyatining “Olot” chegara bojxona posti orqali Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Biroq, ushbu avtotransport vositasi 2019 yil 14 iyul kuni goʻyoki Jizzax viloyati hududida tirkamasining orqa qismidan yongʻin chiqishi natijasida yukxonasidagi sigaret mahsulotlari bilan birgalikda yonib ketganligi haqida haydovchi tomonidan xabar berilgan.

Haydovchining iddaosiga koʻra, avtotransport vositasining orqa oʻng tomon shinasining yonishi oqibatida kelib chiqqan yongʻin natijasida avtotransport vositasi va undagi sigaret mahsulotlari butunlay yonib ketgan va uni oʻchirish imkoniyati boʻlmagan goʻyo.

Ammo, katta partiyadagi sigaretlar ortilgan ushbu avtoulovning toʻsatdan yonib ketishi haqida haydovchi aytgan gaplar bojxona xodimlarini sergak torttirdi.

Chunki, ushbu sigaretlar agarda Oʻzbekiston Respublikasida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilganida, 6,6 mlrd soʻm bojxona toʻlovlari toʻlanishi kerak edi.

Shu tariqa Jizzax va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilib, mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati boshqarmasi tergov boʻlimi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan olib borilgan hamkorlikdagi saʼy-xarakatlar natijasida jinoyat koʻpga choʻzilmasdan ochildi, yashirib qoʻyilgan sigaretlar Samarqanddan topildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.