18 +  RSS  E-mail
10:58, 22 10 2019

Qashqadaryoda tsement zavodiga tamal toshi qoʻyildi


Kitob tumanidagi Makrid kengliklari hududida Xitoy davlati korxonasining yuz foizlik sarmoyasi asosida tsement ishlab chiqarish zavodi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.

Zavodning tamal toshi qoʻyilishi marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev qatnashdi va tsement ishlab chiqarish liniyasining ishga tushirilishini tantanali ravishda eʼlon qildi.

“Eng zamonaviy  texnologiyalarni olib kelib, oʻzimizga zarur boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bugungi kunning dolzarb  masalalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ulkan qurilish ishlari jadallik bilan davom etayotgan yurtimiz  uchun bu zavodning bunyod etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tsement qimmat qurilish xom ashyosi boʻlib, ushbu yirik zavodda  birinchi darajali texnologiya va maʼlum miqdorda kam sarf-xarajat evaziga tayyorlanadigan koʻp miqdorda tsement sifatli hamda nisbatan arzon  ishlab chiqarilishi bilan ham ahamiyatlidir”, dedi oʻz soʻzida viloyat hokimi.

Zavod bosh direktorining oʻrinbosari Zhao Weiqang, Oʻzbekiston-Xitoy Savdo Palatasi Bosh kotibi Iiuyu va boshqa bir qancha mehmonlar ham soʻzga chiqib, iqtisodiy rivojlantirish yoʻlida hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli xayrli ishlarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Shundan soʻng taklif etilgan nufuzli  mehmonlar ramziy tamal toshi qoʻyilishi  amalini bajarishdi.

Bir kunda 3200 tonna, bir yilda  1,5 million tonna klinker va tsement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ushbu zavodga xitoylik  ishbilarmonlar tomonidan qariyb 200 million AQSh dollarilik sarmoya kiritildi. Tsement zavodi  qurilib ishga tushsa, 500 nafar kishi ish bilan band boʻlib, qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun yuqori sifatli tsement yetkazib  berilishga erishiladi.

Maʼlumot oʻrnida, ushbu zavod Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tsement zavodini qurishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida bunyod etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.