18 +  RSS  E-mail
11:09, 22 10 2019

Ota va uning qizlari


Dunyoda yaxshilik bor!

Farzandlarimga nima ish qilishimni aytmaganman. Meni deb uyalishlarini istamayman. Kichik qizim soʻraganda, oddiy ishchiman qizalogʻim, derdim. Uyga qaytish oldidan koʻchadagi umumiy hammomda yuvinib, keyin borardim. Toki ular mening nima ish qilishimni sezmasinlar.

Hamma qizlarimni maktabga yuborishni, taʼlim olishlarini, kelajakda aziz va hurmatli shaxs boʻlib yetishishlarini xohladim. Ularga biror kishi menga qilganidek muomala qilmasligini, past nazar bilan qaramasligini istadim. Odamlar meni mensimaslikka oʻrganib ham qolishgan.

Topadigan hamma pullarimni qizimni oʻqitish uchun yigʻib qoʻydim. Hech qachon oʻzimga yangi koʻylak sotib olmadim. Buning oʻrniga farzandlarimga kitoblar olib berdim.

“Ehtirom”. Mana shu men orzu qilgan narsadir. Ha, men koʻcha tozalovchi boʻlib ishlayman.

Oʻtgan kuni qizim hujjatlarni topshirish vaqti edi. Ammo men kerakli pulni topolmadim. Oʻsha kuni qoʻlim ishga bormadi. Ishlolmay, koʻz yoshimni yashirishga urinib, axlat qutisi yoniga oʻtirdim. Hamkasblarim mening ahvolimni koʻrishdi, ammo yonimga kela olishmas, birortalari men bilan gaplashishga botinolmasdi. Qizimning oʻqishga kirish orzusi roʻyobga chiqmadi. Juda siqildim, ichim ezildi. Uyga borganda qizim bilan qanday koʻrishishimni, agar u mendan pul haqida soʻrasa, nima deb javob berishimni bilmayman.

Men faqir oilada tugʻilganman. Bugun ishdan soʻng hamkasblarim yonimga oʻtirishdi-da, “Bizni oʻzingga doʻst deb bilasanmi?” deb soʻrashdi. Hali javob berishga ulgurmasimdan barchalari bugungi ish haqlarini menga uzatishdi. Pullarni olishdan bosh tortdim. Shunda ular “Biz bugun nari borsa och qolarmiz. Ammo qizing albata oʻqishi kerak!” deyishdi. Bu gaplarini eshitib oʻzimni tuta olmay yigʻlab yubordim. Shu kuni hammomga ham kirmay uyga bordim. Hamma yogʻim kir edi.

Bugun esa… Qizlarimdan biri universitetni tugatish arafasida. Qizlarim meni koʻcha tozalash ishiga yuborishmadi. Katta qizim universitet qoshidagi bir boʻlimda ishlaydi. Qolgan uchtasi esa universitet stipendiyasini olishadi.

Gohida katta qizim oldin ishlagan joyimga meni olib boradi. Borganimizdan soʻng oʻsha yerda haliyam mehnat qilayotgan hamkasblarimga ovqat ulashib kelamiz.

Bir kuni oʻsha yerdagi hamkasblarimdan biri kulib turib qizimga bir savol berdi: “Nega bizga doim ovqat olib kelasan?”

Qizalogʻim ularga shunday javob berdi: “Men bu martabaga erishishim uchun sizlar hammangiz bir kun och qolgansizlar. Shu bois Alloh taologa duo qilinglar, U Zot men sizlarga har kuni ovqat olib kelishimni nasib etsin!”

Ha, bugun men oʻzimni faqir hisoblamayman. Qanday qilib faqir boʻlayin, axir Robbim menga shunday qizlarni ato etgan-ku!

Abduqahhor YUNUSOV

“Xalq nazorati”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.