18 +  RSS  E-mail
10:39, 21 10 2019

Qonundagi tuynuklar


Yuqori idoralar va “davra”lardan xabardor qoʻshnimiz bor edi. Bir kuni gaplashib oʻtirganimizda, “bizdagi qonunlar uncha-muncha mukammal, amal qilinsa, rivojlanishga imkon beradigan darajada”, degandim. Yosh edim, idealist edim. Qoʻshnimiz kuldi.

— Bilasanmi, bizda qonunlar qanday qabul qilinadi? Aytib beraymi? Mana, deputatlar qonunni tasdiqlashadi-a? Keyin qonunni ijro qilishi kerak boʻlgan odamlar — vazirlik va hokimiyat vakillari saunada yigʻilishadi. Kim bilan? Oʻsha qonun loyihasini ishlab chiqqan, undagi moddalarni puxta bilgan deputatlar yoki ekspertlar bilan birga! Dam olishadi, bil’yard oʻynashadi, uyoq buyoq xullas. Keyin bir chekkaroq xonaga oʻtib, bir stolga oʻtirib, “xoʻsh, akam, qonunni bizning foydamizga ishlaydigan boʻlishi uchun aylanib oʻtadigan joylarini tushuntirib yuboring endi”, deyishadi. Qarabsanki, qonunni loyihasini tuzayotganda nozik joylarida tuynuklar qoldirib ketgan ekspert ularga qanday aylanib oʻtiladi, qanday oʻz choʻntagiga moslashtiradi, hammasini oʻrgatadi. Odamlar “qonun bor, qonunlar xalq foydasiga ishlashi kerak”, deb yuraveradi.

Oʻshanda, “sal oshirvordi-yov bu akamiz”, deb oʻylagandim. Keyin TIVda ishlaydigan bir bilimdon ukaxon bilan gaplashgandayam “aka, bilasizku, bizda ataylab qonun-qarorlarda “lazeyka”lar qoldirib ketiladi, istagan payt oʻzining foydasiga burib yubora olishi uchun”, deganda, fikrim oʻzgargandi.

Keyin muholifat oqsoqollaridan biri boʻlgan Tolib aka Yoqubovning maqolalarini oʻqigandim. Unda jinoyat kodeksidagi bitta moddaga qoʻllanadigan jazo punktlari mavhum terminlar bilan “sugʻorilganligi” va “jazo vilkasi” juda keng ekanligi tahlil qilingandi. Masalan, bizdagi Jinoyat kodeksida, bitta jinoiy modda uchun nihoyatda yumshoq jazo qoʻllash ham mumkin, nihoyatda qattiq hukm chiqarib, juvonmarg qilish ham mumkin. Tolib aka bu “fenomen”ni Yevropalik huquqshunoslarga koʻrsatganlarida, ular hayron qolib, “axir bu korruptsiyaga ochilgan katta tuynukning oʻzginasiku”, deyishgan ekan.

Xushnudbekni oʻqisam, huquqshunoslar bunaqa tuynuk qoldiruvchilarni “lazeykashunoslar” deyisharkan.

Bir narsa qiziq. Mana, qonunchilikdagi chalkashliklar, nomutanosibliklar, ziddiyatli hujjatlarni Adliya vazirligi kuzatib, monitoring qilib, kross-tekshiruvdan oʻtkazib boradi. Biror “lazeyka” yoki ziddiyatni aniqlasa, zudlik bilan toʻgʻrilab, muvofiqlashga talabnomami, soʻrovnomami yuboradi. Bizda hech boʻlmasa bunga amal qilinsa edi, Adliya vazirligi xodimi xatoga yoʻl qoʻygan, “lazeyka” yasagan huquqshunos yoki amaldorga “ana, ishkalingni topib oldim, endi tegishli organlarga xabar beraman,  deb jazolardi.

Oldinku, qonunlar devordek yasalib, uyoq buyogʻida tuynuklar qoldirilgan ekan. Hozir-chi? Devor boʻylab odamdek-odamdek teshiklar oʻpirilib yotibdi. Baʼzi qonunlar, qarorlar, taʼriflar ochiq-oydin bir guruh shaxslar foydasiga qabul qilinyapti. Qarorlar kodekslarga, normativlar farmonlarga telba-teskari boʻlib yotibdi. Konstitutsiya-ku, yigʻlavorgan. 3-4 talab sudlarda qayta-qayta tasdiqlab chiqarilgan hukmlarga ijro vakillari koʻndalang qoʻyib qoʻygan. “Oʻzimniki hammasi, qolganlarga — qonun” boʻlib yotibdi.

Nega javrayapman? Saylanmoqchi boʻlayotgan, deputatlikka, senatorlikka nomzodlarga aytmoqchiman:

“Aslida sizlar xalq vakillari sifatida qonunlardagi, qarorlardagi “lazeyka”larga murosasiz boʻlishingiz kerak edi. “Lazeyka”ning hidini besh chaqirimdan sezadigan detektivdek boʻlishingiz kerak edi.

“Nega falon kodeksda manovi modda mavhum? Nega bu yerda korruptsiya hidi kelayapti? Nega mana bu moddaga koʻra davlat xodimini osongina ayb oʻylab topib, ishdan boʻshatib yuborish mumkin? Nega anovi bandga koʻra osongina tuhmat qilish imkoni qoldirib ketilgan? Nega bu tartibda tadbirkor doʻkonini yoki fuqaro uyini osongina kompensatsiyasiz buza olish imkoni qoldirib ketilgan?” deb bironta subʼektiv dastak qoldirmasligingiz kerak edi. Sizlar boʻlsa Natashalarga plakat koʻtartirib, chaqiriq bannerlar ilib, mavsumiy … uyatga qolayapsizlar. Yetar endi! Qachongacha deputatlar qilishi kerak boʻlgan ishni havaskorlaru blogerlar qilib yuradi? Qachongacha Tanzila Norboyeva sizlarni izza qilishi kerak?

Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashishniyam oʻrganaylik! Boshlanishiga hech boʻlmaganda byurokrat-u monopolistlar ishtahasi bilan xalq choʻntagi orasida muvozanat saqlaydigan Oliy Majlis siyosatini olib boringlar, baraka topgurlar! 2020 ogʻir yil boʻladi, desa odamlarning sabri 2020 ta joyidan soʻkilay deb turibdi. Jiddiyroq boʻlinglar, boʻladigan gaplarni koʻtarib chiqinglar! “Lazeyka”shunoslarni panjara ortiga yopolmasangiz, hech boʻlmasa qonuchlikdagi tuynuklarning oʻzini yopinglar!”

Azamat ANDREYEV

“Xalq minbari”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.