18 +  RSS  E-mail
10:37, 21 10 2019

Duoning zalvori


Bir kuni faqirona kiyingan, maʼyus bir ayol sabzavot doʻkoniga kirdi. Doʻkon sohibiga tortinibgina yaqin bordi va eri ogʻir xastalik tufayli biror ishga yaramay, toʻshakka yotib qolgani, yetti bolasi borligi, ularning ochlik azobidan qiynalayotganini aytdi.

Sotuvchi unga ters qarab:

— Ey, tilanchi xotin, darhol doʻkonni tark et!- dedi.

Ayol esa bolalarining yemak yeyishga ehtiyoji borligini aytib yolvorgancha:

— Iltimos, janob, bolalarimni qornini toʻydirib, odamlarning eshigiga ishlagani joʻnataman. Ular pul olib kelgan zahoti qarzingizni qaytaraman,- dedi.

Doʻkondor ayolning iltijolariga parvo qilmay, uni tanimasligi, doimiy xaridorlaridan emasligini aytib iltimosini rad etdi.

Shu payt doʻkon tashqarisida turgan bir mijoz sotuvchi bilan ayol oʻrtasida boʻlayotgan suhbatni eshitib qoldi va ichkariga kirib doʻkondorga:

— Bu ayolga soʻragan narsalarini ber, men kafil boʻlaman, qarzini qaytaradi, — dedi.

Uning gapiga koʻra sotuvchi ayolga qaradi-da, istamaygina:

— Oladigan narsalaringni roʻyxat qilganmisan?- deya soʻradi.

Ayol tasdiq maʼnosini berib bosh irgʻadi.

— Unday boʻlsa uni tarozining bir pallasiga qoʻy-da, ikkinchi pallasiga oʻzing oladigan narsalarni qoʻy. Roʻyxat qogʻozingni vazniga teng narsalarni beraman,- dedi.

Ayol bir muddat turdi-da, boshini quyi egib choponining choʻntagidan bir qogʻoz parchasi olib tarozining bir pallasiga qoʻydi.

Shu payt doʻkondor va kafil mijozning koʻzlari hayratdan katta-katta ochildi.

Tarozining tosh qoʻyiladigan pallasi qogʻoz parchasining ogʻirligidan choʻkib ketgandi.

Doʻkondor kafil mijozga qarab ezgʻin tovushda:

— Ishonmayman… Ishoniladigan holat emas, — dedi.

Tarozining mahsulot qoʻyiladigan pallasi keragidan ortiq narsalar bilan toʻldi.

Doʻkondor vaʼdaga binoan ayol olgan hamma yeguliklarni xaltaga joylab, qoʻliga tuqazdi.

Zudlik bilan nimalardir yozilgan qogʻozni qoʻliga oldi-da, oʻqidi.

Unda xarid qilinadigan mahsulotlar roʻyxati emas, quyidagi soʻzlar yozilgandi:

“Allohim! Nimaga ehtiyojim borligini yolgʻiz Oʻzing bilasan. Shuning uchun oʻzimni Senga taslim etaman. Oʻzingga tavakkal, Oʻzing omonat bergan bolalarimning rizqini yetkaz!”

Doʻkondor tosh kabi qotdi-qoldi.

Ayol unga tashakkur aytib, doʻkondan chiqdi.

Ayolning xaridiga kafillik qilgan mijoz bir dasta pulni doʻkondorga berdi va “Qaytimi kerak emas” dedi. Mijoz doʻkondan chiqib ketayotib tarozi pallalarining singaniga koʻzi tushdi.

Nima sababdan tarozi pallasi singani va duoning kuchi neqadar zalvorli ekani yolgʻiz Allohgagina maʼlum edi…

Turk tilidan

Umida ADIZOVA tarjimasi

“Duo — ibodatning magʻzidir!!!”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.