18 +  RSS  E-mail
12:28, 18 10 2019

Poytaxtimizdagi uchta “Barkamol avlod” bolalar markazida RoboCraft kurslari ochildi


Toshkent shahridagi uchta “Barkamol avlod” bolalar markazida RoboCraft kurslarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur kurslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining beshta tashabbusi hamda “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Sirgʻali, Yashnobod va Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yuritayotgan “Barkamol avlod” bolalar markazlarida ochildi.

RoboCraft — maxsus kurslardan iborat boʻlib, mashgʻulotlarda oʻquvchilar robotlarni yigʻish hamda ularni dasturlashni oʻrganadi. Mazkur kurs asoschilari tomonidan oʻquv jarayonida oʻziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashgʻulotlarni zamonaviy taʼlim modellariga tayangan holda oʻtish taklifi berilgan.

Xususan, kurs mashgʻulotlari STEAM metodikasi asosida oʻtiladi. Ushbu taʼlim modeli oʻquvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qoʻllashda ham koʻmak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirib, kelajakda oʻzi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari taʼlim yoʻnalishidagi davlat va xususiy sheriklik loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

“Barkamol avlod” bolalar markazlari oʻquv kurslarining oson, texnologik qulay va qiziqarli oʻtilishi uchun barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan.

Dastlab, mazkur kurslarda oʻquvchilar dasturlash bilan tanishtirilib, mexatronika, informatika, robototexnika asoslari boʻyicha taʼlim oladi. Shu tarzda algoritmlash boʻyicha dastlabki bilim va zarur koʻnikmalarga ega boʻlib, shaxsiy robotlarini boshqarishni oʻrganishadi.

Oʻquvchilarda oʻzaro aloqa koʻnikmalar, STEAM boʻyicha kompetentsiyalar, ijodiy va tizimli fikrlash rivojlantirilib, kelajakda haqiqiy liderlar boʻlib yetishishadi.

Mazkur kurslar joriy yilning noyabr oyida Chilonzor tumanida ham ochilishi rejaga kiritilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yilning yanvar oyida ilk RoboCraft kurslari Respublika “Barkamol avlod” markazida ochilgan edi.

Mazkur loyiha yurtboshimiz ilgari surgan beshta tashabbusning uchinchisini amalga oshirish uchun oʻz hissasini qoʻshadi. Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar oʻrtasida komp’yuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

“Barkamol avlod” bolalar markazlarining manzillari:

Sirgʻali tumani

Manzil: 100012, Toshkent shahri, Sirgʻali tumani, Sputnik Ts-2 mavzesi, 18-uy, 2-maktab «A» bloki

Telefon raqamlari: +998 977604554

Yashnobod tumani

Manzil: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Aviasozlar koʻchasi 1-tor 7-A uy

Telefon raqamlari: +998 977604554

Yakkasaroy tumani

Manzil: 100100, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasi, 17-uy

Telefon raqamlari: +998 977613959

Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.