18 +  RSS  E-mail
12:30, 18 10 2019

Davlat resurslari teng taqsimlanmoqdami yoxud “tanlangan”lar


Turli dasturlar asosida ijtimoiy obʼektlar va infratuzilmalarni qurish, taʼmirlashga yuz milliardlab byudjet mablagʻlari ajratilmoqda. Ushbu mablagʻlar belgilangan davlat tashkiloti tomonidan taqsimlanadi.

Masalan, byudjetdan moliyalashtiriladigan obʼektlarni qurish yoki rekonstruktsiya qilish uchun 20 ta qurilish korxonasi “boʻsh chelagi”ni koʻtarib, “suv joʻmragini” ochib-bekitadigan davlat tashkiloti mansabdorining oldiga keladi. Ammo kimga qancha obʼekt qurilishini berish mansabdor shaxsning xohishiga bogʻliq. Bir korxonaga 40 foiz, ikkinchisiga 30 foiz, uchinchisiga 20 foiz, toʻrtta korxonaga nomigagina 2-3 foizdan ish hajmini taqsimlaydi.

Har doimgidek, 3 ta korxonaga 90 foizgacha ish hajmi taqsimlanadi. Aniqrogʻi, “tanlangan”lar himmatiga qarab, shuncha foiz ish hajmi beriladi.

Ammo qolgan 13 ta korxonaga hech nima tegmaydi, xolbuki ularda ham yuqoridagi “tanlangan”lardek oʻnlab ishchi kuchi, texnika mavjud.

Demak ajratilgan davlat resurslari hajmining 10 foizdan ziyodini “yutib olgan gʻolib” korxona monopolist.

Qurilish vazirligi vakili bunday korruptsion amaliyot oʻrniga 20 ta korxonaga ish hajmini teng boʻlib berish korruptsiyaga qarshi kurash chorasi ekanligini taʼkidladi. Ammo “suv joʻmragini” ochib-bekitadigan mansabdor shaxsga bunday chora tabiiyki yoqmadi va “eski hammom, eski tos” qabilida ish hajmini “tanlangan”larga taqsimlashni davom ettiraverdi.

“Xalq fikri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.