18 +  RSS  E-mail
11:01, 16 10 2019

Yaxshi niyat


(taʼsirli voqea)

Qadimda bir podshoh oʻtgan ekan. Bir kuni u tunda koʻrgan tushidan taʼsirlanib, uzoq oʻy suribdi va vazirini chaqirib:

— Tayyorlan! Saroydan tashqariga chiqamiz, — debdi.

Birozdan soʻng ikkovlon oddiy kiyinib, yoʻlda ketib borardilar. Bir qishloqqa yetganlarida podshoh tushida koʻrgan joyni tanib qoldi.

Atrofda odam koʻp, hamma oʻz ishi bilan band.

Shundoqqina yerda bir odamning jasadi yotar, hech kim unga eʼtibor ham bermasdi.

Shunda podshoh odamlardan soʻradi:

— Bu kimning jasadi, birodarlar? Nega u bunday xorlikda yotibdi?

— E, soʻramang, mehmon! Bu uyatsiz bir aroqxoʻrning jasadi, — deb javob berdi bir odam. U mening qirq yillik qoʻshnim edi. Tan olish kerak, juda mohir taqachi boʻlgan. Ertadan to qora kechgacha tinim bilmay ishlar, ammo qayerdaki aroq boʻlsa, bor-budini berib boʻlsa ham sotib olardi. Uyiga fohishalarni boshlab kelishdan ham toymasdi, bugun bittasini, ertasiga boshqasini…

Agar ishonmasangiz, boshqalardan ham soʻrang, marhumni biror marta jamoat bilan hech kim koʻrmagan…

Bir fursatdan keyin odamlar tarqalib ketishdi.

— Yuring, shohim, biz ham ketaylik, — dedi vazir.

— Yoʻq! — dedi podshoh. – Men koʻrgan tushimning hikmatini hali tushuna olganim yoʻq. Jasadni olib ketamiz. Sen gʻam yema, uni yuvib, kafanlab koʻmishni oʻzim uddalayman. Faqat yuvish uchun joy topsak, kifoya…

Ikkovlon jasadni koʻtarib, narigi qishloqdagi masjid sari yoʻl oldilar. Jasadni kafanlar ekan, marhum yuzidagi nurni, lablaridagi maʼnoli tabassumni koʻrib hayollaridan: “Bu odam qoʻshnilari aytganidek yomon kimsaga oʻxshamaydi-ku”, degan oʻy oʻtdi. Barcha ishlar bitgach, vazir:

— Shohim, bu odam toʻgʻrisida yanglish fikr eshitmadikmikin? Marhumning yaqinlari, bola-chaqalarini surishtirish kerak shekilli, — dedi.

— Toʻgʻri aytasan, — dedi podshoh. — Sen shu yerda tur, men uning uyiga borib kelaman.

Podshoh soʻrab-surishtirib, marhum yashagan uyni topdi. Eshikni ochgan maʼsumagina ayol shohning soʻzlarini diqqat bilan tinglar ekan, musibatni mardona qarshilashga harchand urinsa-da, koʻzidan oqqan shashqator yoshlarini tiya olmadi.

— Mening erim oʻzi bir olam edi, — dedi ayol. – Ertadan kechgacha tinim bilmay ishlab, topgan puliga uyga aroq olib kelardi. Keyin bularni hamqishloqlarim ichmasin, deya hojatxonaga toʻkardi. Baʼzida uyimizga axloqi buzuq ayollarni ham yetaklab kelardi va “Men sizlarning vaqtingizni sotib oldim-a?” deb soʻrardi. Ulardan tasdiq javobini olgach, “Endi mana bu yerda oʻtirib, tinglanglar”, derdi. Men esa ularga imon-eʼtiqod haqida Alloh qodir qilganicha oʻrgatardim. Erim qishlogʻimizdagi masjidga bormas, ibodat uchun qoʻshni qishloqdagi masjidga qatnardi.

Sababini soʻrasam, “Shunday imomning ortida turib ibodat qilginki, quloq qoqqaningda qarshingda Kaʼbani koʻrgin”,degan edi… Odamlar erimning ishlarini notoʻgʻri tushunishardi. Bu haqda unga koʻp aytganman. Bir kuni:

— Qoʻshnilar siz haqingizda yomon oʻylashyapti, ishqilib janozangiz oʻrtada qolmasaedi, — dedim. Shundan keyin erim oʻzi uchun qabr kovlab qoʻydi.

Men yana eʼtiroz bildirdim:

— Qabr kavlash bilan ish tugamaydi, axir sizni kim yuvib, kim kafanlaydi, kimkoʻmadi? — dedim.

— Xoʻsh-xoʻsh, u nima dedi? — shoshib soʻradi podshoh.

— U tabassum qilib, “Axir Xudo bor-ku, xotin. Mening oʻligim koʻchada qolmaydi! Odamlar boʻlmasa, podshoh bor!” dedi…

Saidjalol NUMONOV

“Goʻzal pand va nasihatlar”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.