18 +  RSS  E-mail
11:05, 16 10 2019

Mahkumlarga ham pensiya tayinlanadi


2019 yilning 28 avgustida Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga 53-1 (prim) moddasi qoʻshildi.

Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya toʻlash koʻrsatib oʻtilgan. Endilikda manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya toʻlash manzil-koloniya joylashgan hududdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan tegishli pensiyalar summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali amalga oshirilishi belgilandi. Yaʼni, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar muassasa joylashgan joyda pensiya tayinlash borasida ariza berishlari mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Pastdargʻom tumanidagi 37-manzil-koloniyada mazkur qonunning mazmun-mohiyatini targʻib etish yuzasidan mahbuslar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda qonunda belgilangan masalalar yuzasidan ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berildi, mahbuslar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Xuddi shunday tadbir Samarqand shahridagi Farhod qoʻrgʻonida joylashgan 10-manzil-koloniyasida ham tashkil etildi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.