18 +  RSS  E-mail
10:35, 15 10 2019

Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun maʼlumotlarni yigʻish punktlari koʻpaytirildi


Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun Jizzax viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi va Zomin tumani IIBda maʼlumotlarni yigʻish punkti faoliyat yuritayotgan edi.

Hozirgi kunda xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaatlarning koʻpayib borayotganligini inobatga olib, shuningdek, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ularning nisbatan uzoqroq masofaga borishlarini qisqartirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tashabbusi bilan Jizzax shahri, Doʻstlik, Sharof Rashidov va Gʻallaorol tumani ichki ishlar boʻlimlarida ham maʼlumotlarni yigʻish punklari tashkil etildi.

Ushbu maʼlumotlarni yigʻish punktlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazidan berilgan texnik qurilmalar oʻrnatilib, xorijga chiqish pasporti olish boʻyicha aholiga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunga kelib Jizzax viloyatida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun tashkil etilgan maʼlumotlarni yigʻish punktlari quyidagi tarzda taqsimlanib, aholiga xizmat koʻrsatmoqda:

Jizzax viloyati IIB MFRBda — Zafarobod tumani, Forish tumani va Zarbdor tumanlari aholisiga;

Doʻstlik tumani IIB MFRBda — Doʻstlik tumani, Mirzachoʻl tumani va Arnasoy tumani aholisiga;

Sharof Rashidov tumani IIB MFRBda -Sharof Rashidov tumani va Paxtakor tumani aholisiga;

Jizzax shahri IIO FMB MFRBda — Jizzax shahri aholisiga;

Gʻallaorol tumani IIB MFRBda — Gʻallaorol tumani va Baxmal tumani aholisiga;

Zomin tumani IIB MFRBda — Zomin tumani va Yangiobod tumani aholisiga xizmat koʻrsatadi.

Joriy yilning oxirigacha viloyatning barcha shahar-tuman IIB MFRBlarida xorijga chiqish pasportini olish uchun maʼlumotini yigʻish punktlari ochilishi rejalashtirilgan.

Faoliyat yuritayotgan maʼlumotlarni yigʻish punktlarida xorijga chiquvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan fuqarolar, xomilador ayollar, yosh bolalar va nogironligi boʻlgan shaxlarga navbatsiz xizmat koʻrsatish tizimi joriy etilgan.

Bundan tashqari axoliga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida yakshanba kunlari jadval asosida navbatchilik tashkil qilingan holda fuqarolarni qabul qilish va tayyor pasportlarni egalariga tarqatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.