18 +  RSS  E-mail
10:37, 15 10 2019

Ustozning ibratli oʻgiti


Bir kuni dono va olim shayx oʻquvchisi bilan dala boʻylab ketayotsa, yoʻlda eski oyoq kiyimiga duch kelishibdi. Oyoq kiyim esa kambagʻal bir dehqonniki boʻlib, bir chekkadagi daraxtning tagida yechib qoldirgan-u, oʻzi esa dalaga ishlashga kirib ketgan.

Shu payt qiziqqon oʻquvchi shayxga debdi:

— Ustoz, keling shu oyoq kiyimni yashirib, dehqon bilan bir hazillashaylik. Kelib oyoq kiyimini kiyaman desa, u yoʻq. Qani, nima qilar ekan, tomosha qilamiz, nima deysiz ustoz?

Muhtaram va dono shayx javob beribdi:

— Oʻgʻlim, biz birovlarning gʻamiga hursand boʻlmasligimiz darkor. Mana sen oʻziga toʻq oiladansan. Sen oʻzingga va muhtoj insonlarga shod-hurramlik yetkaza olishga qodirsan. Hozir borib mana shu oyoq kiyimning ichiga pul solib qoʻygin-da, dehqonning qay darajada taʼsirlanishini yashirinib, tomosha qil!

Oʻquvchiga ustozining taklifi maʼqul kelibdi. Soʻngra tezgina borib, oyoq kiyimining ichiga bir qancha pul solibdi-da, oʻzi ustozi bilan dehqonning xatti-harakatini kuzatish uchun, daraxtlar ortiga yashirinib olibdi…

Bir necha daqiqalardan soʻng dehqon ishlarini tugatib, daladan qaytibdi. Keyin oyoq kiyimini kiymoqchi boʻlgan ekan, oyogʻiga nimadur botibdi. Olib qarasa pul. Keyin ikkinchi poyiga qarabdi. U yerda ham pul yotgan emish.

Bechora dehqon hayron boʻlibdi. Koʻzlariga hech ishongisi kelmasmish.Tushimmi bu yoki oʻngimmi, deb pulni oldi-orqasiga qayta-qayta qararmish. Yon-atrofiga qarasa, hech kim yoʻq.

Pullarni choʻntagiga solib, choʻkkalab olibdi. Va osmonga yigʻi bilan qarab, baland ovoz bilan Allohga nido qilibdi:

— Ey Allohim, Oʻzingga behisob shukr.

Zavjamni bemor yotganini va farzandlarim bir burda nonga zor boʻlib, och-nahor oʻtirishganini bildirganing uchun Oʻzingga hamdlar boʻlsin. Meni va oilamni halokatdan qutqarib qolding”.

Shunday duolar qilib, uzoq-uzoq osmonga qarab, Allohning bebaho hadyasi uchun tinmay shukronalar aytibdi..

Bularni kuzatib turgan oʻquvchi taʼsirlanib, koʻzlari yoshga toʻlibdi.

Muhtaram va olim shayx shunday debdi:

— Birinchi taklifingni amalga oshirganingda edi, hozir mana shu baxtni xis qila olmas eding.

Oʻquvchi:

— Ustoz, rahmat sizga. Bu men uchun taʼlim boʻldi. To tirik ekanman, bu taʼlimni men hech qachon unutmayman. Hayotimda bir narsaning maʼnosiga hech ham tushunib yetmas edim. Mana endi anglab yetdim ustoz.

“Olgandan koʻra tortiq qilsang, koʻproq baxt saodatga erishar ekansan”.

Abu MUSLIM

“Xalq minbari”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.