18 +  RSS  E-mail
9:54, 14 10 2019

Toshkent shahrida yer sotish endilikda auktsion orqali amalga oshiriladi


Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Prezidentimizning farmoniga muvofiq, 2018 yilning avgustidan Toshkent shahrida tadbirkorlarga eksperiment tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali yer berish tartibi joriy qilingan.

Bir yil davomida 775 ta loyiha muhokama qilinib, ijobiy xulosa olindi. 775 nafar tadbirkorga yer ajratish boʻyicha qaror qabul qilindi. 2019 yilning avgust oyida eksperiment tugadi va oktyabrdan tadbirkorlik uchun yer olish auktsion orqali amalga oshiriladigan boʻldi.

Hozir bu borada tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Bu yangi tajriba boʻlib, bunday amaliyot avval qoʻllanilmagan. Toshkent shahridagi yerlar ochiq auktsionga qoʻyiladi. Tadbirkorlik qilaman, yer kerak degan tadbirkor hokimiyatga, yagona darchaga va boshqa tashkilotlarga borishining hojati yoʻq. Endilikda uyida oʻtirgan joyida e-ijro auksion.uz portaliga kirib, roʻyxatdan oʻtib, yer olish imkoniyati mavjud.

Auktsionda yer sotishdan tushgan mablagʻlar maxsus jamgʻarmaga jamlanadi va bu fond davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer maydonlari zarur boʻlganda buzilishga tushgan xonadonlar yoki binolar egalariga yetkazilgan zararni qoplash uchun, kompensatsiyasi sifatida sarf qilinadi. Yaqin kunlarda auktsionga yerlar chiqarilishi boshlanadi. Faqat auktsionda ishtirok etish istagini bildirsangiz, hisob raqamingizga kafolat summasi qoʻyishingiz kerak. Gʻolib boʻlsangiz u summa inobatga olinadi, gʻolib boʻlmasangiz qaytarib beriladi.

Boʻsh binolar boʻlsa, tadbirkorlik qilardik, degan murojaatlar ham boʻladi.

Toshkent shahrida boʻsh binolar boʻyicha alohida ishchi guruhlar ishladi. Uning faoliyati davomida poytaxtimizda 86 ta boʻsh turgan binolar aniqlangan. Bu davlat mulki boʻlgan binolardir. Ularning 73 tasini ishlab chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish masalasi hal qilindi. Ishchi guruh avgust oyida yana xatlov oʻtkazdi. Buning natijasida yana 35 ta obʼektlar aniqlandi. Hozir davlat mulki hisoblangan 48 ta obʼektlar boʻsh. Agar vazirlik va boshqa idoralar ulardan maqsadli foydalanmasa hamda tegishli choralarni koʻrmasa, ular hokimiyat balansiga oʻtkaziladi va auktsionga qoʻyiladi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.