18 +  RSS  E-mail
14:18, 11 10 2019

Jizzaxda QQS stavkasining tushirilishi natijasida xoʻjalik yurituvchi subʼektlar ixtiyorida 15 milliard soʻmdan ortiq aylanma mablagʻ qoladi


Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2019 yil 26 sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, soliq siyosatida ayrim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Farmonga binoan, 1 oktyabrdan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.

Oʻtgan yilgi soliq kontseptsiyasida 2019 yil 1 yanvardan ish haqi fondiga boʻlgan soliq yukini kamaytirish koʻzda tutilgandi. Natijada ushbu sanadan boshlab jismoniy shaxslarning daromad soligʻi 22 foizdan yagona 12 foizga tushirildi. Sakkiz foizlik ish haqidan sugʻurta badali olish umuman bekor qilindi. Bu bir qaraganda, byudjetga tushumning sezilarli kamayishiga olib kelishini anglatadi. Shu bois mutaxassislar bu oʻzgarishni katta tavakkal, deya baholagandi.

Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlab ish tutishi natijasida tadbirkorlar yaratilgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanib, oʻz faoliyatini yanada jonlantirdi. Buning natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining davlat byudjetiga tushumi ikki baravarga ortishi kuzatildi. Yilning birinchi yarmida qoʻshimcha soliq toʻlovchilar koʻpayishidan darak boʻldi. Daromad soligʻi davlat byudjetini shakllantiruvchi uchinchi soliq turi ekanini inobatga olsak, bu muhim ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.

Davlatimiz rahbari bu amaliyotni 1 oktyabrdan joriy qilish va iqtisodiyotda biznes uchun yengilliklar yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasining tushirilishi natijasida respublika miqyosida xoʻjalik yurituvchi subʼektlar ixtiyorida 10 trillion soʻmdan ortiq aylanma mablagʻ tejab qolsa, birgina Jizzax viloyatida esa 15 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ tejaladi.

15 foizli qoʻshilgan qiymat soligʻi amaliyotga joriy etilishi chogʻida tadbirkorlik subʼektlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalarga nazorat-kassa apparatlari xotirasiga yozilgan formulaga muvofiq, xarid qilingan mahsulotlar uchun 20 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi saqlab qolinardi. 1 oktyabrdan bu amaliyot 15 foiz etib belgilangani bois nazorat-kassa apparatlarini qayta tizimlash zarurati tugʻiladi. Muddati tugamagan shartnomalarga esa tuzatish kiritiladi. Shuningdek, biznes subʼektlari imzolagan har bir shartnomani qayta inventarizatsiya qilishi kerak. Shu boisdan mazkur farmon mohiyatini tadbirkorlik subʼektlariga yetkazish, qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtishi boʻyicha tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ish oʻrinlarini legallashtirish maqsadida Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi va hududiy soliq inspektsiyalaridan 89 nafar soliq xodimlari 1993 ta fermer xoʻjaliklari rahbarlariga koʻmakchi sifatida biriktirildi. Shuningdek joylardagi hududiy davlat soliq inspektsiyalarning masʼul xodimlari tomonidan faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan tadbirkorlik subʼektlarining faoliyatini tiklashda amaliy yordam koʻrsatadilar.

Jizzax viloyati DSB matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.