18 +  RSS  E-mail
14:26, 11 10 2019

Ibratli…


Bundan besh olti yilcha avval “qoʻshni qishloqdagi Orif qassob degan odam qazo qilibdi” degan noxush xabar bizning qishloqqa xam yetib keldi. Dadamning aytishlaricha, rahmatli Orif qassob oʻsha qishloqning obroʻli odami boʻlgan ekan.

Xabarni eshitib, qassobni yaqindan tanigan yor-birodarlari janozaga otlanishdi.

Janozadan soʻng, Orif qassobning mayitini qabristonga qoʻyib kelishdi.

Ertasiga esa, judayam qoʻrqinchli xabar butun tumanga tarqalib ketdi:

— Kecha qabristonga qoʻyilgan mayitning jasadi yer yuzasiga chiqib qolgan emish. Bunday qoʻrqinchli va noxush xabar yashin tezligida hamma tomonga tarqalib ketdi.

Kimdir “it olib chiqib qoʻygandir-da” desa, yana kimdir “bunda bir gap bor” deb muloxaza qilishdi. Orif qassobning oʻgʻli jiyanlari bilan birgalikda yer yuzasiga chiqib qolgan dadasining jasadini yana oʻz joyiga qoʻyib kelibdi. Indiniga esa yana qoʻrqinchli xabar bolaladi:

— Qassobning jasadi yana yer yuzasiga chiqib qolgan emish.

Ushbu ayanchli holat ikki-uch bor takrorlanavergach, marhumning oʻgʻliga qishloqning oqsoqollari tuman markazidagi masjid imomidan maslahat olishni taʼkidlashibdi.

Qassobning oʻgʻli mahalla faollari bilan birgalikda imomning huzuriga boribdi va boʻlayotgan noxush holatni aytib, u kishidan maslahat soʻrabdi.

Shunda imom marhumning oʻgʻliga savol beribdi:

— Dadangiz qanday odam edi?

— Yaxshi odam edilar domla, — debdi hayron boʻlib oʻgʻil.

— Hayotliklarida nima ish bilan shugʻullangan edilar?

— Esimni taniganimdan beri qassobchilik bilan shugʻullanar edilar.

— Birorta nojoʻya harakatlarini sezganmidingiz? — soʻrabdi yana imom.

Oʻgʻil yerga qarabdi, nima deyishini bilmay kalovlanib qolibdi, bu holatini kuzatib turgan imom yana soʻz qotibdi:

— Ayting jiyanim, aytmasangiz, dadangizni jasadi qoʻnim topmaydi.

— Maylimi oʻzingizga aytsam? — sekingina yoniga yaqinlashib izn soʻrabdi oʻgʻil, atrofidagi odamlardan yashiradigan siri borligini sezdirib.

— Bu voqea ayanchlidir, odamlar marhumga nima sababdan bunday boʻlayotganliklarini bilishi kerak, ularga ham bir ibrat boʻlsin, ochiq-oydin yashirmay aytavering jiyanim, koʻpchilikning duosi bilan marhumning jasadini oʻz joyiga qoʻya olamiz, — debdi.

Oʻgʻil biroz oʻylanib oʻtirib, aytmaslikning iloji yoʻqligini payqab, soʻz ochibdi:

— Dadamizning nafslari biroz ustun edi, Allohdan hayiqmasdilar, pul birmuncha koʻzlarini koʻr qilib qoʻygandi. U kishi uzoq qishloqlardan eshak xarid qilib, oʻsha yerni oʻzida hech kim bilmaydigan pana joyda eshakni soʻyib, goʻshtni olib kelib, mol goʻshtiga aralashtirib odamlarga sotar edilar.

Oʻtirganlar birdaniga “Astagʻfirulloh” deb baqirib yuboribdi.

“Xayf sendek insonga” deyishibdi.

Imom ham koʻzlarini yumib, ingrab yuboribdi. Bir muddat jim turib, oʻtirganlarni tinchlantiribdi va oʻgʻilga shunday debdi:

— Jiyanim, dadangiz badnafs inson boʻlgan ekanlar, xarom qilingan narsani odamlarga, qoʻni-qoʻshnilariga inʼom qilib yurgan ekan, mana shu sabab uni yer oʻz bagʻriga qabul qilmayotgan ekan, afsus, afsus, — deb nadomatlar chekibdi.

— Endi uka, odamlar koʻz oʻngida katta bir novvosni soʻyib qon chiqaring va odamlarga tekinga tarqating! Ulardan dadangiz uchun kechirim soʻrang, gunohlarini avf etishini soʻrab duo qilsinlar! Zora Alloh dadangizni gunohlaridan kechib, jasadlarini huzuriga qabul qilsalar, — deb maslahat beribdi.

Oʻgʻil imomning aytganlarini qilib boʻlgach, dadasining jasadini yana qabrga qoʻyibdi va ana oʻshandan soʻnggina uning jasadi tinch boʻlibdi.

Iqbol YUSUF

“Umid koʻchasi yoxud yangi hayot!”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.