18 +  RSS  E-mail
12:56, 08 10 2019

Zomin tumanida bepul tibbiy koʻrik aktsiyasi tashkil etildi


Oʻzbekiston XDP Jizzax viloyati hamda Zomin tuman kengashi tashabbusi bilan Zomin tumani Pishogʻor QFY 15-sonli oilaviy poliklinikasida “Ayollar sogʻligi — jamiyat boyligi” mavzusidagi tadbir doirasida bepul tibbiy koʻrik aktsiyasi tashkil etildi.

Tadbirda dastlab partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari haqida maʼlumotlar berildi.

Sogʻliqni saqlash boshqarmasidan malakali tibbiyot xodimi boʻlgan mutaxassislar, yaʼni xirurg, akusher-ginekolog, terapevt, pediatr, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog, oftal’molog, urolog, ortoped-travmatolog, stomatolog, dermato-venerolog kabi malakali shifokorlar xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi.

— Ayollar salomat boʻlsa, jamiyat mustahkam boʻladi, — deydi Zomin tumani Pishogʻor QFY 15-son oilaviy poliklinikasi mudiri Safar Qarshiboyev. — “Pishogʻor” QFYda 2 ta qishloq vrachlik punkti bor. Ular 22500 nafarga yaqin aholiga xizmat qilib kelmoqda. Tan olishimiz lozimki, QVPda ayrim soha mutaxassislari yetishmaydi. Shu sababli boshqa shifoxonalar va poliklinikalardan shifokorlarni chaqirganmiz. Ular belgilangan kunlarda bemorlarni qabul qiladi va kerakli tavsiyalarini beradi. Bugungi tibbiy koʻrik hududimizdagi ayollarni toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi.

— Toʻrt nafar farzandim bor, — deydi Shahlo Musirova. — Ikkinchi farzandimning nogironligi bor. Mutaxassis tavsiyasiga binoan “Sogʻlom avlod” xayriya jamgʻarmasi viloyat filiali tomonidan tarqatilayotgan dorilardan oldik. Bu oilamizga oz boʻlsada yordam boʻladi.

Shuningdek, tadbir davomida kam taʼminlangan oilalar farzandlari holidan xabar olindi.

Maʼrifat MAVLONOVA,

OʻzXDP viloyat kengashi matbuot kotibi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.