18 +  RSS  E-mail
13:07, 08 10 2019

Qoʻqonda hunarmandlar bozori qurildi


Qoʻqon shahrida Hunarmandchilik festivali arafasida juda koʻp obʼektlar qurilib topshirildi. Ular ichida yiriklaridan biri Usmon Nosir va Navbahor koʻchalarida joylashgan ikki qavatli hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi binolarining qurilishidir.

Ushbu savdo markazining umumiy yer maydoni 5,5 ga boʻlib, qurilish egallagan maydoni 2,1 ga, favvora, hovuzlar maydoni 1,8 ga va 0,4 ga avtoturargohdir. Bu yerda 3 ta favvora qurilishi va 59 ta ikki qavatli hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi binolarining qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda.

Qoʻqon shahar hokimining qarori bilan ushbu hududda avvaldan mavjud sobiq ikki qavatli harbiy qism binolari rekonstruktsiya qilinib,  uch qavatli savdo majmuasi va 50 oʻrinli mehmonxona binosiga aylantirilmoqda. Shuningdek, bu yerda savdo markazi va koʻrgazmalar zalini qurish ham nihoyasiga yetkazilmoqda.

Hunarmandlar bozori hududini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish maqsadida yoʻllarga asfal’tlar va plitkalar yotqizilgan. 3 ta zamonaviy arxitekturaviy koʻrinishga ega boʻlgan favvoralar barpo etilib, oqova kanali, ichimlik suvi hamda elektr tizimi bilan taʼminlangan.

Ushbu inshoot qurilishida bosh-qosh boʻlgan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, viloyat bosh arxitektori Bahodir aka Xoʻjamatovdan qurilishning borishi haqida maʼlumot oldik:

— Hunarmandlar savdo markazining hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo markazi, turar-joy binolari qurilishida qadimiy hunarmandlarning yashash tarzi va ishlab chiqarishlari  namunasi asos qilib olindi, — deydi mutaxassis. — Qurilayotgan ushbu markazning birinchi qavatida hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo zallari, ikkinchi qavatida esa ularning turar joy xonalari joylashgan hamda ularning qulay yashash va ishlash muhitini yaratish uchun muhandislik tarmoqlari tortilgan.

Ushbu yer maydonlarida tadbirkor hunarmandlar elektron auktsion orqali yer maydonlarini sotib olib, qurilish ishlarini olib bordilar. Ular ishlab chiqargan mahsulotlarini oʻz doʻkonlarida sotishlaridan tashqari, bir qismini koʻrgazmalar uchun tayyorlaydilar. 700 m/kv yer maydonida 2 qavatli koʻrgazmali savdo markazi qurib bitkazilish arafasida. Bozorga keluvchi hunarmandlar va xaridorlar avtotransportlarining xavfsiz saqlanishini taʼminlash maqsadida koʻpqavatli 300 oʻringa moʻljallangan avtoturargoh qurilishi ham nihoyasiga yetkazilmoqda. Qoʻqon shahrining anʼanaviy arxitektura koʻrinishida yogʻoch oʻymakorligi ayvonlari oʻrnatilib, fasad qismiga ganch oʻymakorligida bezaklar berildi.

Ushbu inshoot Qoʻqon shahrining koʻrkiga koʻrk qoʻshishi bilan birgalikda xalqaro Hunarmandlar festivaliga munosib tuhfa boʻldi. Hunarmandlar bozori har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan festivalda va umuman turizm shahri, butunjahon hunarmandlar shahri boʻlgan Qoʻqonda qadimiy anʼanalarning bardavomligi uchun xizmat qiladi.

Gulbahor SAIDGʻANIYEVA


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.