18 +  RSS  E-mail
13:10, 08 10 2019

Murojaatlarning 16 tasi uchrashuvgacha hal etildi


Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov navbatdagi tadbirkorlar qabulini oʻtkazdi.

Uchrashuvda qatnashish uchun Samarqand shahri va 7 ta tumandan, 28 nafar tadbirkor boʻsh turgan bino olish, qurilishga ruxsat berish, bino buzilishini toʻxtatish, yer ajratish, issiqxonani tabiiy gaz bilan taʼminlash, boʻsh turgan binoni “E-IJRO” elektron auktsionga qoʻyish, koʻrsatilgan xizmatlar haqini undirish, kredit olishda amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilingandi. Murojaatlarning 16 tasi uchrashuvga qadar tegishli idoralarga yetkazilib, tadbirkorlarning muammosi hal etildi.

Bevosita qabulda esa masalasiga ijobiy yechim topilmagan 12 nafar tadbirkor qatnashdi. Ularning murojaatlari tahlil qilinganda aksariyati hokimlik qarorlari, yer ajratishdagi muammolar va qurilish ishlari, bank muassasalarida kredit ajratilishida sustkashlikka yoʻl qoʻyish holatlari bilan bogʻliq ekanligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, Samarqand shahridan “AZIM TRAVEL SERVIS” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Shahlo Azimova 1 million dollar miqdorida investitsiya kiritish va zamonaviy mehmonxona qurish maqsadida Xoʻja Ahrori Valiy koʻchasi 157-uyda joylashgan sobiq 47-maktab va sobiq 151-mehribonlik uyining hozirda boʻsh turgan yer maydonini belgilangan tartibda “E-IJRO” elektron auktsionga tezroq qoʻyilishini soʻrab murojaat qildi. Ushbu bino tez kunlarda tegishli tartibda auktsionga qoʻyilishi maʼlum qilindi.

Viloyat hokimi har bir murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilot va rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.