18 +  RSS  E-mail
13:18, 07 10 2019

Tuman rahbarining 1700 ta shaxsiy obʼekti davlat daromadiga musodara qilindi


Moskva viloyati Klin tumani administratsiyasiga 22 yil davomida rahbarlik qilgan, keyin 3 yil deputat boʻlgan Aleksandr Postrigan “Sheremet’evo” aeroporti orqali chet elga qochib ketayotganida ushlandi.

Klin tumani sudida prokuratura noqonuniy daromad orttirgan tuman rahbarining 1700 ta obʼektini davlat daromadiga musodara qilishga erishdi. 5 milliard rubl naqd pul, 4 milliard rubllik mulk, jami 9 milliard rubl (139,5 million dollar)ga baholangan.

Aniqlanishicha, bir qancha qishloqlardagi yuzlab gektar yerlar tiyinga sotib olingan va yuqori daromadli dala hovlilar qurishga sotilgan. Ayyorona usullar bilan kasalxonalar, bolalar poliklinikasi, 2 ta bolalar bogʻchasi, kinoteatr, kema stantsiyasi, shahar savdo markazi, , tarixiy-madaniyat obʼektlari, bozor, ishlab chiqarish majmualari, dam olish bazalari, uy-joy qurish uchun uchastkalar, oʻrmon xoʻjaligi fondi yerlari, bir qancha koʻchalardagi birinchi qavatlar tuman rahbari Aleksandr Postrigan yoki uning qarindoshlari nomida edi. Noqonuniy qoʻlga kiritilgan barcha mol-mulk musodara qilindi.

Serpuxov tumani rahbari Aleksandr Shestun esa 15 yil davomida 18 ta qishloqni oʻz nomiga oʻtkazib olganligi aniqlangan. Unga qarashli 771 ta koʻchmas mulk, jami 10 milliard rubl borligi maʼlum boʻldi.

RF Tergov boshqarmasi vakili taʼkilashicha, shuncha yil davomida tumanga rahbarlik qilgan shaxslar qanday qilib davlat mulkini oʻzlashtirishgan, prokuratura qayoqqa qaragan?

Xalq nazorati, mustaqil ommaviy axborot vositalari va haqiqiy fuqarolik jamiyati boʻlmas ekan, vaqti-vaqti bilan bunday “olamshumul” jinoyat ishlarining guvohi boʻlish mumkin.

Ushbu shaxslardan oldin IIV xodimi polkovnik D.Zaxarchenko (8,5 milliard naqd rubl va 14 ta kvartira), Federal xavfsizlik xizmati xodimi Cherkalin (12 milliard rubl, yaʼni 186 million dollar) bilan qoʻlga tushgandi. Shuningdek Saxalin viloyati gubernatori A.Xoroshavin, Komi Respublikasi rahbari V.Gayzer, Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari A.Bajanov, Iqtisodiy rivojlanish vaziri A.Ulyukayev va boshqalar ham korruptsiya jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilingan va mol-mulklari davlat daromadiga musodara etilgan.

Oddiy qorovul yoki farroshni arzimagan 100 dollar bilan ushlash va buyruq bergan boshligʻi chetda qolib bajaruvchini ayblash faqat hisobot uchun nomigagina korruptsiyaga qarshi kurash emasmi?


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.