18 +  RSS  E-mail
13:17, 07 10 2019

Doimiy tokda ishlaydigan elektrodvigatel ixtirochisining ishlanmasi sinovdan oʻtkazilmoqda


Toshkent viloyati, Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi Jahongir Mahkamov sentyabr oyining boshida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan qabul qilinganidan soʻng u yaratgan ishlanmalar — doimiy quvvatga ega elektrodvigatel, quruq zaryadli va tez tiklanuvchi akkumulyator va tok kuchaytirgichi vazirlik tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan oʻrganib chiqildi.

“Oʻzbekenergo” ilmiy-texnik markazi laboratoriya mudiri, t.f.d., prof. Toʻlagan Kamolov, I. Karimov nomidagi TDTUning “Elektrik mashinalar” kafedrasi professori, t.f.d. Kamoliddin Olimxoʻjayev va kafedra mudiri t.f.d. Olimjon Toirov, Toshkent Temir yoʻl muhandislari instituti kafedra mudiri Usan Berdiyev, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ konstruktorlik byurosi mudiri Sherzod Ahmedov va texnologik boʻlimi mudiri Sayfiddin Asamov, Innovatsion rivojlanish vazirligi boʻlim boshligʻi Mirziyod Mirsaitovdan iborat ishchi guruh Chinoz tumaniga borib, ixtirochi tomonidan taqdim etilgan ishlanmalarni dastlabki koʻrikdan oʻtkazdilar.

Bunda namoyish etilgan ishlanmalar amalda ishlashi kuzatildi. Shu munosabat bilan barcha prototiplarni kompleks ravishda sinovdan oʻtkazish zarur, degan qarorga kelindi.

Shu munosabat bilan Turin Politexnika universitetida Jahongir Mahkamov ishtirokida uning ixtirolari sinovdan oʻtkazildi. Sinov natijasida Mahkamovning ixtiro qilgan quruq zaryadli akkumulyatori tez zaryad olishi (3-4 daqiqa atrofida) hamda yengil vaznga ega boʻlib turib (3,5 kg) qiyinchiliksiz avtomobil’ning dvigatelini qoʻzgʻata olgani ishchi guruh va Turin Politexnika universiteti xodimlarining umumiy qiziqishini uygʻotdi.

Shuningdek, Toshkent Temir yoʻl muhandislari instituti laboratoriya stendida quruq zaryadli akkumulyatorni zaryad olish va zaryad tugashi vaqti oʻlchandi. Olingan natijalarga koʻra, 8 ta tsiklda akkumulyatorning quvvat olish va quvvatsizlanish jarayonlarining barqarorligi aniqlandi. Ishchi guruh tomonidan kattaroq tsikllarda (5000 martagacha) sinov oʻtkazish lozimligini va prototipning kimyoviy tarkibini batafsil oʻrganish zarurligi haqida xulosa chiqarildi.

Demak, sinov ishlari davom etmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.