18 +  RSS  E-mail
12:57, 03 10 2019

Zomin tumanida aholi tomorqasidan unumli foydalanmoqdami?


O`zLiDeP Zomin tuman Kengashi hamda respublika Fermer dexqon xoʻjaliklar va tomorqa yer egalari Kengashi bilan hamkorlikda  fermer xoʻjaliklariga yaratilayotgan imkoniyatlar, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyilini joriy etish hamda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishi kabi masalalar yuzasidan seminar tashkil etildi.

Ahamiyatli tomoni, seminar davomida ishtirokchilar tumandagi bir qancha fermer xoʻjaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar. Ayniqsa,  Surxonobod qishlogʻida yashovchi Ziyodullo aka Mingniyozovning oʻz tomorqasida olib borayotgan faoliyati koʻpchilikda iliq taassurot qoldirdi. Ziyodullo aka bu yil tomorqasida bolgar qalampiri, baqlajon, pomidor va  uzumdan moʻl hosil yetishtirib, yaxshigina daromad egasiga aylandi.

— Ayni paytda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar sabab tomorqalardan samarali foydalanayotgan yurtdoshlarimiz soni koʻpayib bormoqda. O`zLiDeP  xodimlari tashkillashtirgan bugungi seminar ham tajriba almashish, mavjud muammo va kamchiliklarni birgalikda yechishda juda qoʻl keladi. Bunday tadbirlarni tez-tez oʻtkazish maqsadga muvofiq, — deydi  Ziyodullo aka.

Darhaqiqat, muloqotlar davomida tomorqa egalari tomonidan bir qancha muammoli masalalar koʻtarildi. Masalan, koʻpgina tomorqalarda ekinlarni sugʻorish maqsadida 40-60 metr chuqurlikda artezian quduq qazilib,  nasos orqali suv chiqarilgan. Shularni hisobga olib, tomorqachilar uchun elektr energiya harajatlari, yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar yaratish, ayniqsa yerning shoʻrlik darajasini pasaytirish, logistika xizmatini yoʻlga qoʻyish kabi takliflar oʻrtaga tashlandi.

Soʻngra seminar ishtirokchilari “Obi hayot” QFY  hududidagi “Yusuf diyor” fermer xoʻjaligi dalasiga tashrif buyurishdi. Xoʻjalikdagi uzum nihollari parvarishi, qurilayotgan chorva kompleksi xaqida maʼlumotlar olindi. “Obi hayot” QFY xududida  kelgusida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida bir turdagi ekinlar ekish borasida fikr va takliflar oʻrtaga tashlandi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, O`zLiDeP Jizzax viloyat, tuman Kengashlari hamda  respublika Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bilan hamkorlik tashkillashtirilgan bunday seminarlar viloyatdagi barcha tumanlarda boʻlib oʻtmoqda. 

O`zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.