18 +  RSS  E-mail
13:05, 03 10 2019

Hamkorlik ufqlari


Qashqadaryolik shifokorlar endi Stavropolda malaka oshirishadi va hamkorlikda innovatsion, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarishadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boʻlinmasi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Stavropol davlat tibbiyot universiteti  oʻrtasida  hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu maqsadda, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi Toʻlqin Rasulov va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi viloyat hududiy boʻlinmasi raisi Shoira Nabiyeva joriy yilning 23-28 sentyabr kunlari mazkur universitetda boʻlishdi.

— Memorandumga asosan shifokorlar malakasini oshirish  jarayonida sifat va samaradorlikni taʼminlash, bu borada Stavropol davlat tibbiyot  universiteti  professor-pedagoglari tomonidan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida sayyor oʻquv kurslarini oʻtkazish, shuningdek, rejali ravishda innovatsion,  yuqori texnologiyali  jarrohlik amaliyotlarini  bajarish, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarini bitiruvchi yoshlar malakasini Stavropolda  klinik ordinatura va magistratura yoʻnalishlarida oshirish, mutaxassis shifokorlar  tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, hamkorlikda  ilmiy-amaliy konferentsiyalar hamda davra suhbatlari oʻtkazish belgilandi, — deydi Toʻlqin Rasulov. — Bularning barchasi viloyat aholisiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini oshirishga olib keladi.

Joriy yilning soʻnggi choragi davomida markaz tomonidan nevropatolog, nefrolog, otorinolaringolog, xirurg-laporoskopist vrach mutaxassislarni malaka oshirishga yuborish va kelgusi yilning birinchi choragida Qarshida sayyor tsikl tashkil etish moʻljallanmoqda.

Ahror SODIQOV,

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.