18 +  RSS  E-mail
13:29, 02 10 2019

Yoʻlovchi avtobus qatnovi har bir qishloqqa zarur


Fuqarolar oʻzi istagan manzilga kechikmasdan yetib borishi transport vositalari qatnovi yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi bilan uzviy bogʻliqdir.

Oʻzbekiston “Adolat” SDPning hududiy tashkilotlarida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar chogʻida yoʻlovchi avtobuslar qatnoviga doir masalalar ham bir necha bor qayd etildi. Partiya deputatlari tashabbusi bilan ayrim tumanlar hududidagi bir qator yoʻnalishlarda, aholi murojaatlaridan kelib chiqib, yoʻlovchi avtobuslar qatnovi tashkil etildi.

Ammo hali bu borada qilinadigan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar oz emas. Ayniqsa, chekka qishloqlardagi fuqarolar tuman markazi yoki shaharlarga kelib-ketishida yoʻlovchi taksilar xizmat narxi qimmat ekanini aytib, bu borada qulayliklar yaratilishida koʻmak berishimizni soʻrashadi. Xususan, qir-adirlar, choʻl joylaridagi qishloqlarda oraliq masofa bir necha oʻnlab kilometrni tashkil etganligi bois bunday qulaylikka ehtiyoj yanada ortadi. Shahar atroflaridagi mahallalar aholisi ham avtobuslar sonini oshirish, yoʻnalishlar masofasini uzaytirish kabi masalalarda murojaat qilishadi. 

Ochigʻini aytganda, bu kabi holatlar respublikamizning deyarli barcha tumanlari, hatto shahar joylarda ham kuzatiladi. Demak, bu borada aniq dastur asosida ish olib borish, barcha qishloqlarda zarur yoʻnalishlarni belgilab yoʻlovchi avtobus qatnovlarini tashkil etish, mavjud yoʻnalishlarda esa avtobus xizmatini yanada yaxshilash, lozim darajada avtobus bilan taʼminlash choralarni koʻrish vaqti keldi. Shu ezgu maqsadda partiyamiz tashabbus koʻrsatsa, yangi saylovoldi dasturlarida aniq vazifalar belgilab qoʻyilsa, bu saʼy-harakatlar koʻplab yurtdoshlarimizda xayrixohlik uygʻotadi, albatta.

Shu bilan birga, qishloqlarda ham shahardagi kabi shart-sharoitlar yaratish hayotiy vazifaga aylangan bugungi kunda odamlarning uzogʻini yaqin qilish, ularga arzon va qulay avtobus xizmatidan foydalanish imkonini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday qulayliklardan biror bir qishloq va mahallalar ahli bebahra qolmasliklari zarur.

Har bir tumanning barcha hududlarida yoʻlovchi avtobus qatnovi talab darajasida tashkil etilsa, partiyamiz loyihalari doirasida olib borilgan oʻrganishlarda oʻrtaga tashlangan hayotiy muammolardan biri oʻz yechimini topib, elektorat manfaatlari roʻyobga chiqadi.

Orif ShUKUROV,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyat kengashi raisi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.