18 +  RSS  E-mail
13:46, 02 10 2019

Rossiyada paxtadan 50 tsentnerdan oshirib hosil olindi va importdan butunlay voz kechish harakatida. Bizda-chi?


Rossiya Federatsiyasining Stavropol oʻlkasida Terskiy qishlogʻi huvillab qolgandi. Rossiyalik investorning gʻoyasi mahalliy hokimiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib loyihaning 80 foizi miqdorida subsidiya ajratildi. Maqsad Rossiyani paxta xom ashyosi importidan halos qilishdir.

Milliy va jahon tajribasi hamda zamonaviy texnikalar qoʻllanilishi natijasida gektaridan 50 tsentnerdan ziyod paxta hosili yigʻishtirib olindi. Endi bu qishloqda paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan fabrikalar qurilmoqda.

QAChON?!

Biz qachon tayyor mahsulotlar importidan voz kechamiz?!

Oltinni banklarda “oʻlik” holda saqlamasdan, qachon oltin quymasi oʻrniga chiroyli taqinchoqlar ishlab chiqarib, bir necha barobar qimmatiga chet ellarga valyutaga sotamiz?

Shuncha paxta xom ashyosi yetishtiramiz-u, qachon yetarli miqdorda tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarib, xalqimiz ehtiyojini qondiramiz va chet elga eksport qilishni koʻpaytiramiz?

Kuniga qanchalab qoramol soʻyamiz-u, terisini eksport qilish oʻrniga qachon oʻzimizga oyoq kiyimi ishlab chiqarib, Xitoyning 2-3 oyda “ogʻzi ochiladigan” sifatsiz tuflilaridan voz kechamiz?

Xitoy, Tayvan, V’etnamdan arzon ekran, plata va boshqa ehtiyot qismlarni olib kelib, 5-6 ta shurf bilan birlashtirib yigʻamiz-u, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” deb xalqimizga qimmat narxda sotamiz. Qachon oʻzimizda maishiy texnika mahsulotlarini toʻliq ishlab chiqaramiz?

Qachon mamlakatimizga valyuta olib keladigan yoki import oʻrnini bosadigan mahsulotlar, xizmatlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga oʻnlab hujjatlarsiz 1 foizli kredit beramiz? Tez moslashuvchan va qisqa muddatda samara beradigan, mamlakatda asosiy ish oʻrni yaratayotgan kichik biznes haqida qachon qaygʻuramiz?

FAQAT BANK MANFAATINI OʻYLASh-MI?

34 foizli kreditni asosan savdo tashkilotlari olib, qaytarishga qodir, chunki sotib olgan mahsulotiga xohlagancha ustama foiz qoʻyib sotish imkoniyati mavjud. Bozorda narx-navoni oshirish esa faqat savdo tashkilotiga qulay va inflyatsiya yuqori boʻlishidan manfaatdorlik mavjud.

Tegishli vazirliklarning baʼzi “IQTISODChI”lari yiliga 14 foiz inflyatsiya, bank esa 20 foiz daromadidan quruq qoladi, deb faqat bank manfaatini himoya qilishi mumkin. Lekin shu 20 foizlik daromaddan 10 foizi davlat ulushiga tegishli.

Yaʼni 1 mlrd soʻmlik kreditdan davlatga 100 mln soʻm, bank foydasidan 10 mln soʻm va bank xodimlari ish haqidan soliqlar oʻrtacha 40 mln soʻm, taxminan 150 mln soʻm tushadi.

Bir mlrd soʻm ishlab chiqaruvchi tadbirkorga 1 foizli kredit qilib ajratilganda byudjetga qancha soʻm kelib tushishini hisoblaymiz.

1 mlrd soʻm kreditni qaytarish uchun tadbirkor kamida 2 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarishi lozim.

Mayli 1 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqardi, deb hisoblaylik. Bundan 4 foiz yagona soliq toʻlovi, 15 foiz qoʻshilgan qiymat soligʻi, jami 190 mln soʻm byudjetga tushadi.

Bir mlrd soʻmlik mahsulotning tannarxida 40 foizgacha ish haqi hisoblanadi. Yaʼni 400 mln soʻmdan 12 foiz daromad soligʻi 48 mln soʻm, 12 foiz yagona ijtimoiy toʻlov 48 mln soʻm.

Demak 1 mlrd soʻm kredit 34 foiz qilib ajratilganda byudjetga oʻrtacha 150 mln soʻm, 1 foiz qilib tadbirkorga berilganda mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishdan 286 mln soʻm byudjetga kelib tushadi. Turli mahsulotlar ishlab chiqarish natijasida valyuta taqchilligi va inflyatsiya darajasi keskin pasayadi, narx-navo tartibga tushadi, haqiqiy ish oʻrni yaratilib, aholi turmush farovonligi oshadi.

P.S. Solishtirishda savdo tashkilotidan tushadigan mablagʻ inobatga olinmadi, chunki u kreditni qaytarishi uchun kamida 50 foiz ustama qoʻyishi lozim, yaʼni 500 mln soʻmdan 4 foiz aylanma mablagʻ soligʻi 20 mln soʻm va QQS 75 mln soʻm, jami 95 mln soʻm. Ishlab chiqaruvchi korxona 1 mlrd soʻm kreditni qaytarish uchun kamida 2 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqaradi, yaʼni (286 mln x2) jami 572 mln soʻm byudjetga tushadi.

Farhod Muhammadiyev

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.