18 +  RSS  E-mail
12:43, 26 09 2019

Zominda tish plombalari ishlab chiqaruvchi yangi korxona ish boshladi


“Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasida Germaniya davlati bilan hamkorlikda tish plombalari uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Dentals Pharma GmbH”masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz ish faoliyatini boshladi.

— Bugungi kunda yurtimiz stomatologiya bozorida taklif etilayotgan materiallarning aksariyati xalqaro sifat va standartlarga mutlaqo javob bermaydi. Ular mamlakatimiz bozoriga turli yoʻllar bilan kiradi, sifatsiz mahsulotlarning ishlatilishi natijasida bemorlarda turli noxush alomatlar seziladi, — deydi “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasi direktsiyasi direktori Erkin Yuldashev. — Shularni oldini olish maqsadida Zominda yevrostandartga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlardan toʻliq foydalanayotgan korxonada ishlab chiqarayotgan mahsulotlari yildan-yilga koʻpayish imkoni mavjud.

Umumiy qiymati 573 ming AQSh dollari boʻlgan mazkur korxona ishga tushishi bilan tumanning 15 nafar mutaxassis yoshlari yangi ish oʻrinlariga ega boʻldilar. Korxona yiliga 350 ming dona har turdagi tish plomba mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, dastlabki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yurtimiz bozorlariga yetkazib berilmoqda. Kelasi yildan boshlab ularni eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Tolibjon ERGAShEV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.