18 +  RSS  E-mail
12:51, 26 09 2019

Oʻzbekiston chorvachiligi ilm-fanida yangilik!


Oʻzbekiston ilm-fan tarixida ilk bor qoʻylar muzlatilgan urugʻlar yordamida sunʼiy urugʻlantirilmoqda.

Oʻtgan asrning 80-yillarida respublikamizda 200 mingdan ziyod goʻshtdor-serjun qoʻylar boʻlib, ayni paytda ularning soni keskin kamaygan.

Shuningdek, goʻshtdor-serjun qoʻylarning mahsuldorligi ham pasaygan. Bu esa oʻz navbatida, ushbu turdagi qoʻylarning genofondini yaxshilash, bu borada dunyoning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilgʻor tajriba va tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishni taqozo etadi.

Bu borada Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron boʻlimi Rossiyaning Butunrossiya qoʻychilik va echkilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Hamkorlik doirasida ohangaronlik chorvadorlar mazkur institut faoliyati bilan tanishib, jahon genofondiga xos Shimoliy Kavkaz naslli qoʻchqorlarining muzlatilgan urugʻlari olib kelindi.

— Oʻzbekiston ilm-fan tarixida ilk bor qoʻylar Shimoliy Kavkaz naslli qoʻchqorlarining muzlatilgan urugʻlari yordamida sunʼiy urugʻlantirilmoqda, — deydi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron boʻlimi boshligʻi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Nuriddin Roʻziboyev. — Ushbu tajriba Ohangaron tumanidagi “Xoltoʻrayev Oybek XM” fermer xoʻjaligida amalga oshirilmoqda. Rossiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda kelasi yildan boshlab oʻzimizning sharoitda naslli qoʻchqorlar urugʻini olish, muzlatish va saqlashni yoʻlga qoʻyamiz.

Mutaxassislarning fikricha, chorva, xususan qoʻylarni naslli qoʻchqorlar urugʻi bilan sunʼiy urugʻlantirish qoʻylarning genofondini yaxshilab, mahsuldorlikni oshiradi. Jumladan, qoʻylarning vazni oʻrtacha 50-55 dan 60-65 gacha va hatto 80 kilogrammgacha, qoʻchqorlarning vazni esa 80-90 dan 120-130 kilogrammgacha yetishi mumkin. Shuningdek, jun olish boʻyicha ham samaradorlik sezilarli ortadi.

BMT taraqqiyot dasturining Global ekologik jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning yuqori togʻ ekotizimlari tabiiy resurslari va bioxilma-xilligini saqlash hamda barqaror foydalanishni oshirish” loyihasi doirasida xoʻjalikning 2 gektar maydonida koʻp yillik ozuqabop ekinlar urugʻchiligi tashkil etilgan. Seminar ishtirokchilari mazkur loyiha yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, uning afzallik tomonlari bilan tanishdi.

— Oʻzbekiston, xususan Ohangaron sharoitida yozga borib togʻlardagi oʻtlar qurib qolishi va bu holat chorvadorlardan yem-xashak uchun qoʻshimcha xarajat talab etishini kuzatish mumkin, — deydi BMTning yaylovlar boʻyicha maslahatchisi Tolib Muqimov. — Loyiha doirasida bahorda ushbu xoʻjalikning 2 gektar maydoniga shuvoq, olaboʻta, teresken, izen kabi 6 xil oʻsimlik urugʻini ekdik.

Hozir ushbu urugʻlar unib chiqib, hosilga kirgan. Bu loyihaning ahamiyatli tomoni shundaki, biz ekayotgan 6 xil oʻsimlik yilning har qanday ob-havo sharoitida oʻsaveradi. Tabiiy yaylovlarda yogʻingarchilik yaxshi boʻlgan yillarda 3 tsentnergacha hosildorlik kuzatilsa, bunday yaylovlardan 20 tsentnergacha hosil olish mumkin. Yana bir muhim jihati, bu yaylovdan 25 yilgacha foydalanish mumkin. Gektaridan 120 kilogrammgacha urugʻ olish imkoni esa bir gektardan olingan urugʻ bilan 10 gektar yaylov tashkil etish orqali bunday yaylovlarni kengaytirish, pirovardida xoʻjaliklarning yem-xashak bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “Togʻ va togʻoldi yaylov chorvachilik ilmi va amaliyotining dolzarb vazifalari” mavzusida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarda shu haqda maʼlum qilindi.

Tadbir ishtirokchilari “Xoltoʻrayev Oybek XM” fermer xoʻjaligining qoʻychilik faoliyati, u yerda qoʻylarni sunʼiy urugʻlantirish jarayoni bilan tanishdi. Ayni paytda mazkur xoʻjalikda 120 yilqi, 300 bosh goʻshtdor-serjun, 1 ming 200 jaydari qoʻy, 200 echki, shuningdek, 200 dan ortiq qoramol va parranda boqilmoqda.

Seminar ishtirokchilari shuningdek, “Qizil Bour” fermer xoʻjaligining naslli qoʻchqorlarni yetishtirish faoliyati, BMT taraqqiyot dasturining Global ekologik jamgʻarmasi bilan hamkorlikda hududda tashkil etilgan “Moʻminobod chorva” ishlab chiqarish kooperativi faoliyati bilan ham tanishdi.

Voha chorvadorlari soha olimlari, yetuk mutaxassislaridan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.