18 +  RSS  E-mail
12:49, 26 09 2019

“Kattaqoʻrgʻonshahargaz” filiali sobiq xodimining firibgarligi fosh qilindi


Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va Kattaqoʻrgʻon shahar boʻlimi tomonidan fuqarolar N.Alijonova va D.Asrorovaning arizalari yuzasidan tekshiruv oʻtkazildi.

Aniqlanishicha, “Kattaqoʻrgʻonshahargaz” filiali sobiq xodimi P.Mansurov fuqaro D.Asrorovaning ishonchiga kirib, uni aldagan. Tabiiy gazdan mavjud qarzdorligini “qoplab” berishni vaʼda qilib, undan 2016 yil iyun oyida 200 AQSh dollari va 700 ming soʻm naqd pullarni hech qanday toʻlov pattasini bermasdan, firibgarlik yoʻli bilan olib ketgan.

Bundan tashqari, P.Mansurov oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirgan holda yana bir fuqaro N.Alijonovaning ishonchiga kirgan va tabiiy gazdan mavjud qarzdorligini oʻchirib, hisoblagich oʻrnatib berishni vaʼda qilgan.

2018 yil 1 noyabr kuni N.Alijonovadan avval 120 ming soʻm, bir haftadan keyin hisoblagichni koʻrikdan oʻtkazish uchun 80 ming soʻm, 22 noyabr kuni hisoblagich sotib olish uchun 200 ming soʻm, 1 dekabrda unga xatlov dalolatnomasi va boshqa xujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 300 ming soʻm va 15 dekabr kuni 600 ming soʻm — jami 1 million 300 ming soʻm pullarni firibgarlik yoʻli oʻzlashtirgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida P.Mansurovdan N.Alijonovadan olingan pullarning 700 ming soʻmi, fuqaro N.Asrorovadan olingan pullardan 700 ming soʻmi xolislar ishtirokida zararni ixtiyoriy qoplash tariqasida olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Kattaqoʻrgʻon shahar boʻlimi tomonidan “Kattaqoʻrgʻonshahargaz” filiali sobiq xodimi P.Mansurovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, shahar prokuraturasiga yuborildi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.