18 +  RSS  E-mail
12:42, 25 09 2019

Saylov kampaniyasiga oid yangiliklardan xabardormisiz?


Avvalgi qonunchilikda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylanishi mumkin emasligi va saylovda qatnashmasligi belgilangan edi.

Yangi Saylov kodeksining 5-moddasi bilan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarni saylovda ishtirok etmasligi belgilanib, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi.

Shuningdek, endi siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Avvalgi qonunchilikda bu muddat yetti kun edi.

Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib koʻrsatish toʻgʻrisidagi oʻz qarorini saylovga kechi bilan oʻn besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega. Bungacha bu muddat besh kun edi.

Joriy etilayotgan yangiliklarning yana biri nomzodlarning ishonchli vakillari bilan bogʻliq. Xususan, Saylov kodeksiga viloyat Kengashi deputatligiga nomzod avvalgiday uch nafar emas, besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli ekanligi toʻgʻrisidagi norma kiritildi.

Avvalgi qonun hujjatlarida nomzodlar ishonchli vakillarining xarajatlari qayd qilinmagan edi. Endi ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanishi belgilandi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.