18 +  RSS  E-mail
12:44, 25 09 2019

Hodimlar paxta terimiga safarbar qilinmagan


Joriy yil 19 sentyabr kuni @BUGUNUZ telegram kanalida “Bogʻot hokimi tumanda qamal holati eʼlon qildi. Hamma paxtada!” sarlavha ostida chop qilingan maqola yuzasidan quyidagilar aniqlandi:

Bogʻot tumanida 15 sentyabrdan boshlab tumandagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi hamda korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari, byudjet idoralari, sanoat korxonalari hodimlari hokim buyrugʻi bilan paxta terimiga safarbar qilinmagan.

Maqolada 19 sentyabr kuni tuman hokimi O. Xolboyev tumandagi 300 ga yaqin fermer xoʻjaligi rahbarlari¸ 12 hududdagi terim otryadlari uchun masʼullar¸ byudjet idoralari rahbarlarini yigʻib majlis oʻtkazgani, butun tuman boʻylab maktablardan tashqari barcha byudjet xodimlari paxtaga chiqarilgani bois hamma tashkilotlarning eshigiga qulf osilgani keltirilgan.

Joriy yilning 19 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari O.Ramatov rahbarligida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha selektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Selektor yigʻilishi munosabati bilan shaharlar va tumanlar hokimlari oʻzining shaharlar va tumanlaridagi studiyalaridan qatnashishdi.

Selektor yigʻilishidan soʻng tuman idora — tashkilotlari rahbarlariga tuman hokimi O.Xolboyev tomonidan paxtaga jalb qilish boʻyicha topshiriq berilmagan.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari viloyat hokimi hamda shaharlar va tumanlar hokimlari, shuningdek, viloyatdagi barcha byudjet tashkilotlari rahbarlariga oʻz hodimlarini paxta terimiga jalb qilmaslik yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasiga (Majburiy mehnatning taqiqlanishi. Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.) asosan rasman ogohlantirish berilgan.

Viloyat hokimligi tomonidan ham shaharlar va tumanlar hokimlari, viloyatdagi barcha byudjet tashkilotlari rahbarlariga oʻz hodimlarini paxta terimiga jalb qilmaslik yuzasidan topshiriq berilgan.

Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.