18 +  RSS  E-mail
12:34, 25 09 2019

Elektr tarmogʻiga oʻgʻrincha ulangandi, hammasini toʻladi


Chamalab koʻrishga arzirli qiziqarli dalil: 1,1 kVt. “SAMSUNG” rusumli mikrotoʻlqinli pech, 1,1 kVt. “Biryusa” rusumli muzlatgich, 0,2 kVt. “PHILIPS” rusumli televizor, 3,5 kVt. “GREE” rusumli konditsioner, 0,7 kVt “SHIMGE” rusumli suv nasosi, 2 kVt. “ROYAL” rusumli suv isitish qozoni — bu maishiy elektr jihozlarining bir soatlik quvvati sarfi hamda shunga yarasha toʻlovi qancha boʻlishini bilasizmi? Bir yilligini-chi? Sarflangan yoki isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlovini risoladagidek amalga oshirayotganlarning “oshigʻi olchi” boʻlaversin. Ammo “olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim” qabilida toʻlovdan qochishning har turli qingʻir yoʻllarini oʻylab topayotganlarni qanday tushunish mumkin?!

Romitan tumanida yashovchi Shodiya Inoyatovaning xuddi shu masalada tutgan “yoʻli” uni shunday “uddaburon” kimsalar toifasidan ekanini namoyon qildi.

Keng tarqalgan usul — elektr tarmogʻiga yashirincha ulanib olib, “oq tuya koʻrdingmi, yoʻq” qabilida bamaylixotir yurgan bu fuqaroning hiylasi bir yil oʻtib, fosh qilindi.

Hududda maxsus monitoring olib borayotgan guruh tomonidan aynan Sh.Inoyatovaning xonadoni tanlangani ham shunchaki tasodif emas, balki xodimlarda tugʻilgan shubhani tekshirib koʻrish, oʻrganish edi. Gumon toʻgʻri chiqqanidan soʻng elektr hisoblagichdan “chetlab oʻtilgan” shu birgina oʻgʻirlik tufayli xonadon isteʼmolidan davlat manfaatlariga 25 million 345 ming soʻm moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq javobgarlik muqarrar deganidir. Shu haqda bilganidan soʻnggina xonadon bekasi oʻylanib, “er chizib” qoldi.

Qingʻir qilmishidan pushaymonligini bildirgan Sh.Inoyatova taʼminotchi korxona manfaatlariga yetkazgan iqtisodiy zararni toʻliq bartaraf etgani tufayli unga nisbatan boshlangan ish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi, 1-qismiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatishdan rad qilindi.

Bu holat tabiiy energiya resurslarini oʻgʻirlashga, turli nopok yoʻllar bilan oʻzlashtirishga koʻz tikkan kimsalar uchun ham saboq boʻlsa, maqsadga muvofiqdir.

Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyat boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.